2024 yil 19 yanvarda “O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat, Jinoyat-protsessual kodekslariga hamda O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonun kuchga kirdi.

Qonunning ahamiyati va muhim jihatlari nimalardan iborat?

– Internet – axborot va zarur ma’lumotlarni topishda katta qulayliklar yaratdi, – deydi Senatning Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Shuhrat Cho‘lliyev. – Shu bilan birga, ayrim noxolis ishlarni amalga oshirishda ham bu tarmoqdan foydalanilayotgani hech kimga sir emas. Keyingi paytda shaxslarning mobil qurilmalarini hamda ijtimoiy tarmoq va messenjerlardagi akkaunt yoki kanallarini zararli dastur yuborish yo‘li bilan bloklab (to‘sib) qo‘yish, ma’lumotlarini o‘chirib yuborish, o‘zgartirish yoki olib qo‘yish bilan qo‘rqitib, pul yoki boshqa moddiy manfaatdorlik talab qilish holatlari kuzatilmoqda.

Ayniqsa, shaxslarning fotosurati, ovozi va boshqa biometrik ma’lumotlarini maxsus dasturlar yordamida soxtalashtirish holatlari ham uchramoqda.

Bunga qonunchilikda axborot resurslaridan foydalangan holda jinoyat sodir etilganlik holati aniq ifoda etilmagani yo‘l ochib berdi. Mazkur bo‘shliqni bartaraf etish maqsadida Jinoyat kodeksining 165-moddasi (tovlamachilik) dispozitsiyasini “sharmanda qiladigan uydirmalar” tushunchasi bilan to‘ldirish zaruratini yuzaga keltirdi.

Shu maqsadda yuqorida tilga olingan qonun qabul qilindi.  Jinoyat kodeksining 165-moddasi birinchi qismi “mulkka shikast yetkazish yoki uni nobud qilish yoxud” degan so‘zlardan keyin “jabrlanuvchining axborot resursini yo‘q qilish, o‘zgartirish, olib qo‘yish yoki to‘sib qo‘yish yoxud uni sharmanda qiladigan uydirmalar tarqatish bilan qo‘rqitib”, degan so‘zlar bilan to‘ldirildi.

Qonundagi yana bir muhim yangi norma – kripto-aktivlar bilan bog‘liq.

Kripto-aktivlar mulkiy huquq sifatida e’tirof etilib, sohani tartibga soluvchi tegishli qonunchilik hujjatlari mavjud bo‘lishga qaramay, kripto-aktivlarning noqonuniy aylanmasi, xususan, noqonuniy mayning faoliyati uchun Jinoyat hamda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodekslarda javobgarlik choralari belgilanmagan edi.

Jinoyat qonunchiligida alohida modda bo‘lmagani sababli 2021-2022 yillarda kripto-aktivlar noqonuniy aylanmasi faoliyati bilan shug‘ullanganlik, shu jumladan, noqonuniy mayning bilan bog‘liq 15 jinoyat ishi bo‘yicha 40 nafar shaxs Jinoyat kodeksining boshqa moddalari bilan javobgarlikka tortilgan.

Shu sababli, Jinoyat hamda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodekslarga “Kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi qonunchilikni buzish” hamda “Mayning faoliyatini qonunga xilof ravishda amalga oshirish”, shu jumladan, yashirin mayning faoliyatini amalga oshirganlik uchun tegishli javobgarlik bilan bog‘liq yangi normalar bilan to‘ldirildi.

Unga ko‘ra, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksda Kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi qonunchilik hujjatlarini buzish ma’muriy huquqbuzarlik sifatida belgilanib, qonunga xilof ravishda kripto-aktivlarni olish, o‘tkazish yoki ayirboshlash, belgilangan tartibda litsenziya olmasdan kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi xizmat provayderlari faoliyatini amalga oshirganlik uchun ma’muriy javobgarlik belgilandi.

Shuningdek, mazkur harakatlar ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin sodir etilgan taqdirda jinoiy javobgarlik belgilandi.

Shu bilan birga, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksda mayning faoliyatini belgilangan tartibni buzgan holda amalga oshirish hamda anonim kripto-aktivlar mayning faoliyati bilan shug‘ullanib, belgilangan tartibni buzgan holda ancha va ko‘p miqdorda (BHMning 300 baravaridan 500 baravarigacha) mayning faoliyatini amalga oshirish ma’muriy huquqbuzarlik sifatida belgilandi.

O‘z navbatida, mazkur harakatlar ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin sodir etilgan bo‘lsa, Jinoyat kodeksiga kiritilayotgan qo‘shimchaga ko‘ra, jinoiy javobgarlikka sabab bo‘ladi.

Mazkur qonunni ishlab chiqishda Estoniya, Gruziya, Ukraina, Rossiya, Belarus, Qozog‘iston Respublikasining qonunchiliklari o‘rganilgan va ulardan foydalanilgan.

Qonun axborot texnologiyalari yordamida sodir etilgan jinoyatlarni fosh etish, ularga qarshi kurashish hamda tergov qilishda barcha kuch va vositalarni to‘liq yo‘naltirishga xizmat qiladi.

Shuningdek, kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi qonunchilik hujjatlarini buzish va qonunga xilof ravishda mayningni amalga oshirish uchun javobgarlik aniq normalar bilan belgilangani shu turdagi jinoyatlarning oldini olishda muhim o‘rin tutadi.

 

Norgul Abduraimova,  

O‘zA