Joriy yilning 17 fevral kuni Saudiya Arabistoni poytaxti Ar-Riyod shahrida navbatdagi professional boks kechasi tashkil etiladi. Oqshomning asosiy jangi superog‘ir vazn toifasida mutlaq jahon chempionligi uchun kechadi. Unda “WBC” chempioni Tayson Fyuri qolgan kamarlar sohibi Aleksandr Usikka qarshi ringga ko‘tariladi. “Kingdom Arena”da o‘tadigan ushbu boks kechasida hamyurtimiz Bahodir Jalolov ringga ko‘tariladi. Bahodir ushbu oqshomda chernogoriyalik Dilan Prashovichga qarshi jang o‘tkazishi kutilmoqda.

Ushbu boks oqshomi, bo‘lajak jangga tayyorgarlik va oldindagi rejalar haqida O‘zA muxbiri, jahon va qit’a chempionati g‘olibi, Osiyo hamda Olimpiya o‘yinlari oltin medal sohibi Bahodir Jalolov bilan  suhbatlashdi.

– Bahodir, 17 fevral kungi jang va unga tayyorgarlik haqida to‘xtalib o‘tsangiz.  

– Saudiya Arabistonida so‘nggi kunlarda ko‘plab sport turlari bo‘yicha nufuzli sport tadbirlari tashkil etilmoqda. Bu kabi musobaqalarda ishtirok etishning o‘zi katta natija. 17 fevral kuni Tayson Fyuri va Aleksandr Usik o‘rtasida o‘tadigan jang oqshomida men ham ringga ko‘tarilishim haqida xabar berildi va biz rozi bo‘ldik. Hattoki, raqibni ham tashkilotchilar topdi, biz tanlamadik. Bunga sabab, men har qanday raqibga qarshi jang qilishga tayyorman va bu yil Olimpiya o‘yinlari o‘tkaziladi. Ushbu musobaqagacha bo‘lgan har bir jangim to‘rt yillikning eng yirik sport tadbiriga muhim tayyorgarlik vazifasini o‘taydi. Mazkur boks oqshomida chiroyli jang o‘tkazib, g‘alaba qozonish uchun ringga chiqaman.

– Bo‘lajak jangga va Olimpiya o‘yinlariga qanday tayyorgarlik ko‘ryapsiz va mashg‘ulotlar qayerda o‘tadi?  

–Dilan Prashovichga qarshi jangga O‘zbekistonda tayyorgarlik ko‘raman. Amerikaga bormayman. Buning o‘ziga yarasha muhim jihatlari bor. Saudiya Arabistoni va O‘zbekistonda vaqt nisbati deyarli bir xil, okean ortidagi kabi uzoq emas hamda yurtimizda shug‘ullanishim uchun barcha sharoit va imkoniyatlar bor. Jismoniy tayyorgarlik, texnik va taktik mashg‘ulotlar bilan bir qatorda, Dilan kabi jang qiladigan raqiblarni ham tayyorgarlik jarayonlariga jalb qilmoqdamiz. Olimpiya o‘yinlariga tayyorgarlik bir necha yil oldin boshlangan. Lekin “Parij-2024” uchun mahsus tayyorgarlikni musobaqa boshlanishidan 3-4 oy oldin tashkil etamiz.

– Oldinda turgan rejalar haqida to‘xtalib o‘tsangiz.  

–Fevral oyidagi jangdan so‘ng, mart oyida Toshkentda “IBA” tomonidan turnir tashkil etiladi. Unda Hasanboy Do‘smatov va men ishtirok etishimiz kutilmoqda. Biroq, hozirda ushbu turnirda ishtirok etishim haqida aniq ma’lumot berilmadi. Shuningdek, yuqorida aytganim kabi, Olimpiya o‘yinlariga asta-sekin tayyorgarlik boshlaymiz.

–Bahodir aytingchi, kelajakda nufuzli marralarni zabt etadigan mamlakatimiz yoshlarini kuzatasizmi?  

–Albatta, bugungi kunda yosh avlod bokschilarimizni kuzataman. Ular biz erishgan natijalarni va undanda katta marralarni zabt etishlari kerak. Bugungi kunda Javohir Ummataliyev, Shohjahon Abdullayev, Jahongir Zokirov kabi bir qator o‘rinbosarlarimiz porlab chiqmoqda. Ular kelgusida o‘zbek boksini yanada yuksaltiradi.

–Samimiy suhbatingiz uchun rahmat!  

Ma’lumot uchun, Bahodir Jalolov professional boksda 14 ta jang o‘tkazib, ularning barchasini nokaut bilan yakunlagan. Dilan Prashovich esa 17 ta jang o‘tkazib, 14 marotaba g‘alaba qozongan va 3 marotaba mag‘lub bo‘lgan.

 

Javohir Toshxo‘jayev,  

O‘zA