O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti hamda O‘zbekiston belbog‘li kurash federatsiyasining 2023 yil yakunlariga bag‘ishlangan qo‘shma tadbiri bo‘lib o‘tdi.

Jahon belbog‘li kurash assotsiatsiyasi bosh kotibi Anvar Muhammedov, Osiyo belbog‘li kurash konfedratsiyasi prezidenti Mo‘min Muratov, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Qodir Jo‘rayev, Chirchiq shahar hokimining birinchi o‘rinbosari Jur’atbek Rahmonov, viloyat va shahar deputatlari, sportchilar, murabbiy va hakamlar hamda OAV vakillari ishtirok etdi.

Tadbirni O‘zbekiston belbog‘li kurash federatsiyasi raisi Ravshan Dastirov ortda qolgan 2023 yil belbog‘li kurash sporti uchun yuksak natijalar va muvaffaqiyatlarga boy yil bo‘lganligini e’tirof etdi.

Sportchilarimiz respublika va jahon miqyosida o‘tkazilgan musobaqalarda shoxsupaning yuqori pog‘onalaridan o‘rin egallab, mamlakatimiz sport zaxirasiga medallar shodasini taqdim etgani, yurtimiz sha’nini munosib himoya qilganligi qayd etdi.

Marosimda ishtirok etganlar milliy sport turlarimizga, xususan belbog‘li kurash sport turiga qaratilayotgan e’tibor va uni rivojlantirish masalalari haqida to‘xtalib, joriy yilgi xalqaro musobaqalarda polvonlarimizga muvaffaqiyat tiladi.

Tadbirda belbog‘li kurash federatsiyasi tomonidan turli nominatsiyalar bo‘yicha g‘oliblar aniqlandi. Unga ko‘ra, “Yilning eng yaxshi sportchisi” nominatsiyasida o‘g‘il bolalar o‘rtasida Oybek Sultonov, qizlar o‘rtasida Farangiz Abdunabiyeva g‘olib deb topildi

“Yilning eng yaxshi murabbiyi” nominatsiyasiga andijonlik Jamoliddin Bozorov va farg‘onalik Dilshoda Yunusovalar sazovor bo‘ldi. “Yilning eng yaxshi musobaqa tashkilotchisi” ga Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Buxoro viloyati belbog‘li kurash federatsiyalari munosib ko‘rildi. “Yilning eng yaxshi hakami” sifatida Abduhamid Pirmatov (Farg‘ona) e’tirof etilgan bo‘lsa, “Yilning eng yaxshi federatsiyasi” nominatsiyasi Farg‘ona viloyati belbog‘li kurash federatsiyasiga berildi. “Sport sohasidagi ko‘p yillik xizmatlari uchun” nominatsiyasi g‘olibi deb Sultonboy Mirzayev (Andijon) e’lon qilindi.

Shuningdek, O‘zbekiston belbog‘li kurash federatsiyasi bilan yaqindan hamkorlik qilib kelayotganligi uchun bir qator soha vakillari va deputatlar Osiyo belbog‘li kurash konfedratsiyasi hamda O‘zbekiston belbog‘li kurash federatsiyasining tashakkurnoma va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.

 

T. Ro‘ziyev, O‘zA