10 kundirki Qatar yashil maydonlarida futbol bo‘yicha Osiyo kubogi bahslari o‘tkazilmoqda. Qit’amizning 24 jamoasi 6 guruhga bo‘lingan holda bosh sovrinni qo‘lga kiritish uchun o‘zaro raqobatlashayotir. Kecha musobaqaning guruh bosqichlarida ikkinchi tur ham yakunlandi va bir qator jamoalar 1/8 final bosqichiga yo‘llanmani qo‘lga kiritishga ham ulgurdi. Bugungi sharhimizda Osiyo kubogining ikkinchi tur uchrashuvlari, guruhdagi holat va bugungi uchrashuvlar haqida to‘xtalib o‘tamiz.

Avvalo, musobaqa mezboni Qatar terma jamoasi joy olgan “A” guruhidagi vaziyat haqida. Mazkur guruhda ikkinchi tur yakuniga ko‘ra, Qatar ochkolarini 6 taga yetkazib oldi va birinchilardan bo‘lib, navbatdagi bosqichga yo‘l oldi. Xitoy termasi 2 ochko jamg‘argan holda ikkinchi o‘ringa ko‘tarildi. Tojikiston va Livan esa bittadan ochko bilan 3-4-pog‘onadan joy oldi. Aynan bugun ushbu guruh 3-tur uchrashuvlarini boshlab beradi.

Unda Qatar – Xitoy, Tojikiston – Livan terma jamoalari o‘zaro to‘qnash keladi. Ushbu uchrashuvlarda Xitoy, Tojikiston va Livan jamoalari uchun g‘alaba suv va havodek zarur. Sababi, ularning har birida 1/8 final bosqichiga chiqish imkoniyati bor. Faqatgina Qatar termasi muxlislar uchun chiroyli o‘yin ko‘rsatsa, bo‘lgani. Bu jamoa uchun so‘nggi turdagi natija muhim emas.

O‘zbekiston milliy terma jamoasi joy olgan “B” guruhidagi holat biroz chigal. Ikkinchi tur bahslaridan so‘ng Avstraliya 6 ochko bilan keyingi bosqichga chiqdi. O‘zbekiston terma jamoasi esa 4 ochko bilan ikkinchi pog‘onada bormoqda. Suriya hisobida 1 ochko bor va bu jamoa 3-o‘rinda turibdi. Faqatgina Hindiston ikki mag‘lubiyatdan so‘ng 4-pog‘onada qoldi va 1/8 final yo‘llanmasidan deyarli umidini uzdi. Ammo bu guruhda hatto Hindiston terma jamoasida ham navbatdagi bosqichga chiqish imkoniyati biroz mavjud.

Mazkur guruhda 23 yanvar kuni O‘zbekiston – Avstraliya, Suriya – Hindiston terma jamoalari o‘zaro raqobatlashadi. Mazkur uchrashuvlarda har bir terma jamoa g‘alaba uchun maydonga tushishi shubhasiz. Nega Avstraliya va O‘zbekiston termalariga g‘alaba kerak? Bunga asosiy sabab, har ikki jamoa 1/8 finalga birinchi o‘rin sohibi sifatida yo‘l olsa, nisbatan qulayroq raqiblarga duch keladi. Chorak final yo‘llanmasini qo‘lga kiritish uchun imkoniyati yanada yaxshilanadi. Shu bois ham bu jamoalar faqat g‘alaba da’vosida o‘yin o‘tkazadi. Biroq Avstraliyani durang natija ham qanoatlantiradi.

Suriya – Hindiston bahsi ham shiddatli o‘tishi shubhasiz. Musobaqa reglamentiga ko‘ra,  o‘z guruhlarida yaxshi natija qayd etib, uchinchi o‘rinni egallagan to‘rtta jamoa ham 1/8 final bosqichiga chiqishi belgilab qo‘yilgan. Shu bois ham Hindiston o‘zidan kuchli Suriyani taslim qilish niyatida. Suriya esa ikkinchi turdagi mag‘lubiyati va hamon ikkinchi pog‘onaga chiqish imkoniyati borligini yaxshi his qilmoqda va iloji boricha Hindiston darvozasiga 3 tadan ko‘p gol urushga bor e’tiborini qaratadi.

Terma jamoamiz navbatdagi bosqichga chiqishi uchun shu kabi chigal holatga duch kelmoqda. Ammo ishonamizki, futbolchilarimiz 3-tur bahsida muhim natija qayd etgan holda ushbu vaziyatni ijobiy hal etadi.

Osiyo kubogining “S” guruhida Eron ikkinchi turdan keyin 6 ochko jamg‘argan holda 1/8 final bosqichiga yo‘l oldi. BAA esa 4 ochko bilan ikkinchi o‘rnini mustahkamlab oldi. Falastin termasi yagona ochko bilan uchinchi, Gongkong esa 0 ochko bilan to‘rtinchi pog‘onani egallab turibdi.

Ushbu guruhdagi 3-tur uchrashuvlari ham 23 yanvar kuni o‘tkaziladi. Unda Eron – BAA, Falastin – Gongkong terma jamoalari o‘zaro kuch sinashadi. Bu guruhda ham “B” guruhidek bir hil vaziyat.

“D” guruhida Iroq termasi ochkolarini 6 taga yetkazib oldi va guruhda birinchi pog‘onaga ko‘tarilgan holda nimchorak finalga chiqdi. Yaponiya va Indoneziya terma jamoalari 3 ochko to‘plagan holda ikkinchi va uchinchi o‘rinda bormoqda. Vetnam hisobida esa umuman ochko yo‘q.

Guruhning 3-tur uchrashuvlari 24 yanvar kuni o‘tkaziladi. Unda Yaponiya va Indoneziya ikkinchi pog‘onani egallash uchun maydonga tushadi. Mazkur uchrashuvda g‘olib bo‘lgan jamoa 1/8 final bosqichiga ikkinchi o‘rin sifatida chiqadi. Agarda durang qayd etilsa, o‘zaro o‘yinlar nisbatiga ko‘ra, “samuraylar”  keyingi davraga yo‘l oladi. Iroq – Vetnam bahsida esa durang ham iroqlik futbolchilarni qanoatlantiradi.

“E” guruhidagi vaziyat haqida to‘xtalib o‘tadigan bo‘lsak. Ikki tur yakuniga ko‘ra, Iordaniya va Janubiy Koreya terma jamoalari 4 ochko jamg‘argan holda birinchi hamda ikkinchi o‘rindan joy egallagan bo‘lsa, Bahrayn 3 ochko bilan uchinchi o‘ringa chiqib oldi. Malayziya termasi esa ikki mag‘lubiyatdan keyin so‘nggi pog‘onada qoldi.

25 yanvar kuni guruh bosqichining so‘nggi turi bo‘lib o‘tadi. Unda Janubiy Koreya –Malayziyani sinovdan o‘tkazadi. Bu yilgi musobaqada Janubiy Koreya terma jamoasi shiddatli o‘yin ko‘rsata olmayapti. Biroq ular yaralangan sher kabi guruhdan birinchi bo‘lib chiqish uchun Malayziyaga qarshi jangovar tarkib bilan maydonga tushishiga shubha yo‘q. Iordaniya – Bahrayn uchrashuvi ham juda qiziqarli bo‘ladi. Ikki jamoada ham guruhdan hech bir to‘siqsiz chiqish imkoniyati borligi, ochkolar bo‘yicha o‘rtadagi hisob katta emasligi, ikki terma jamoani hujumkor o‘yin ko‘rsatishiga undaydi. Faqatgina, Iordaniya uchun durang ham kifoya.

Kecha guruh bosqichining ikkinchi turini yakunlagan “F” guruhidagi bahslar bo‘lib o‘tdi. Unda Ummon — Tailand bilan 0:0 hisobida durang o‘ynadi. Qirg‘iz Respublikasi esa Saudiya Arabistoniga 0:2 hisobida mag‘lub bo‘ldi.

Shu tariqa, Saudiya Arabistoni 6 ochko jamg‘ardi va guruh peshqadami sifatida nimchorak finalga chiqdi. Tailand hozirda 4 ochko bilan jadvalda ikkinchi bo‘lib turibdi. Ummonda esa bir ochko bor va bu ushbu terma jamoani uchinchi pog‘onaga ko‘tarib qo‘ydi. Qirg‘iz Respublikasi esa hali biror-bir ochko jamg‘ara olmadi va guruhda so‘nggi o‘rindan joy oldi.

Mazkur guruhning so‘nggi o‘yinlari 25 yanvar kuni o‘tkaziladi. Unda Saudiya Arabistoni – Tailand, Qirg‘is Respublikasi – Ummon bahslariga guvoh bo‘lamiz. Mazkur guruhda ham “B” va “S” guruhidagi kabi har bir jamoada oz bo‘lsa ham 1/8 final bosqichiga chiqish imkoniyati mavjud.

Ma’lumot uchun, Avstraliya, Qatar, Iroq, Eron, Saudiya Arabistoni terma jamoalari ikkinchi turdan keyin Osiyo kubogining pley-off bosqichiga yo‘l oldi.

 

Javohir Toshxo‘jayev,  

O‘zA