Afrika bilan bog‘liq siyosiy, moliyaviy, ijtimoiy va madaniy yangiliklarni yoritib boruvchi “Africa.com” internet nashri O‘zbekiston va Uganda o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatish to‘g‘risida Qo‘shma kommyunike imzolanganini o‘z sahifalarida yoritdi.

Maqolada ikki mamlakat hukumatlari nomidan hujjatni O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari Bahromjon A’loyev va Uganda Respublikasi tashqi ishlar vaziri Jeje Odongo imzolagani e’tirof etilgan.

Ushbu muhim voqea Kampala shahrida “Speke Resort Munyonyo”da bo‘lib o‘tayotgan Qo‘shilmaslik harakatining 19-sammiti doirasida bo‘lib o‘tdi.

Suhbat chog‘ida tomonlar siyosiy, savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar va boshqa sohalarda yaqin hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga o‘zaro tayyor ekanliklarini bildirdilar.

Uganda TIV rahbari Markaziy Osiyo davlatlari bilan do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va o‘zaro manfaatli munosabatlarni rivojlantirish va mustahkamlash ustuvor yo‘nalish etib belgilangan O‘zbekistonning tashqi siyosatini hamda davlatimiz rahbari tomonidan xalqaro miqyosda ilgari surilayotgan tashabbuslarni rasmiy Kampalada yuqori baholashlarini ta’kidladi.

Muharrama Pirmatova, O‘zA