Kelgusida O‘zbekistonda davlat idoralari va kompaniyalarga axborot xavfsizligi risklarini kamaytiruvchi mexanizmlar ishga tushadi.

Kiberxavfsizlik bo‘yicha xalqaro lider bo‘lmish “Kasperskiy laboratoriyasi” hamda axborot xavfsizligi sohasidagi yechimlar va xizmatlarni mahalliy yetkazib beruvchilari orasidagi yetakchisi “UNIVERSOFT IT” o‘zaro hamkorlikda O‘zbekistonda kiberxavfsizlik darajasini oshirish, xususan, davlat idoralari va kompaniyalarga axborot xavfsizligi risklarini kamaytirishda yordam berish maqsadida o‘z kuchlarini birlashtirmoqda.

Natijada, “Kasperskiy laboratoriyasi” ko‘magida O‘zbekistonda birinchi mahalliy antivirus yechimini taqdim etadi. Hamkorlik natijasida “UNIVERSOFT IT” mijozlariga o‘z brendi ostidagi birinchi mahalliy himoya yechimini — “UZGUARD AV” dasturiy mahsulotini taklif etadi. Yechim “Kasperskiy laboratoriyasi” texnologiyalariga asoslanadi. U zarur sertifikatlashtirishdan o‘tadi va O‘zbekiston Respublikasining milliy standartlariga to‘liq javob beradi.

“Biz kiberxavfsizlik sohasida tan olingan kompaniya bo‘lmish “UNIVERSOFT IT” bilan hamkorlik qilishdan mamnunmiz. Sa’y-harakatlarimizni birlashtirish O‘zbekistonda talabgir va tan olingan innovatsion va samarali yechimlarni yaratish imkonini beradi. Ushbu hamkorlik Markaziy Osiyo mintaqasida respublikaning kompaniyamiz uchun strategik ahamiyatini ta’kidlaydi”, — deya sharhlaydi “Kasperskiy laboratoriyasi”ning Markaziy Osiyo va Mo‘g‘ulistondagi boshqaruvchi  direktori Valeriy Zubanov.

“Kiberxavfsizlik har bir sohada muhim ahamiyatga ega va biz mijozlarga tegishli yechimlar va xizmatlarni taqdim etishga intilamiz. Biz dasturiy ta’minotni ishlab chiqish va texnik xizmat ko‘rsatish, shuningdek, xavfsiz IT-infratuzilmalarni yaratish borasida katta tajriba to‘plaganmiz. “Kasperskiy laboratoriyasi” bilan hamkorlik bizga o‘z kompetensiyamizni oshirish va portfoliomizni axborot xavfsizligi sohasida xalqaro standartlarga javob beradigan mahsulotlar bilan boyitish imkonini beradi”, — deya sharhlaydi “UNIVERSOFT IT” kompaniyasi vakili Damir Jabborzoda.

Ma’lumot uchun: “Kasperskiy laboratoriyasi” axborot xavfsizligi va raqamli maxfiylik sohasida 1997 yildan beri faoliyat yurituvchi xalqaro kompaniyadir. “Kasperskiy laboratoriyasi” texnologiyalari butun dunyo bo‘ylab 400 milliondan ortiq foydalanuvchilar va 220 ming korporativ mijozlarni himoya qiladi.

Shuningdek, kompaniya “KasperskyOS” mikroyader operatsion tizimiga asoslangan va sukut bo‘lganida xavfsizlikni ta’minlaydigan kiber-immun yechimlarni ham yaratadi.

“UNIVERSOFT IT” kompaniyasi 2020 yildan boshlab IT va axborot xavfsizligi sohasida eng yuqori xalqaro standartlarga javob beradigan hamda O‘zbekistonda raqamli xizmatlarni rivojlantirishga qaratilgan dasturiy va apparat-dasturiy ta’minot tizimlarini yaratish hamda ishlab chiqarish sohasiga ixtisoslashgan.

Kompaniya O‘zbekiston hududida davlat va korporativ axborot tizimlari himoyasini ta’minlash maqsadida axborot xavfsizligi sohasidagi ilg‘or IT-tajribalar va zamonaviy texnologiyalar asosida mahsulotlarni yuqori texnologik ishlab chiqarishni rivojlantiradi.

“UNIVERSOFT IT” kompaniyasining faoliyati yuqori texnologiyalar sohasida import o‘rnini bosishga qaratilgan. Kompaniya O‘zbekiston Respublikasining texnologik suverenitetini ta’minlashga hissa qo‘shadigan O‘zbekiston uchun yangi mahsulotlarni yaratishga e’tibor qaratadi.

M.Eshmirzayeva, O‘zA