Nukusda Prezident huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligining Qoraqalpog‘iston Respublikasi filiali tomonidan davlat fuqarolik xizmatiga kadrlarni qabul qilish tartib-tamoyillari, Milliy kadrlar zaxirasini shakllantirish, davlat fuqarolik xizmatchilarining huquqlarini himoya qilish, kadrlar faoliyati samaradorligini baholash kabi masalalar yuzasidan ommaviy axborot vositalari vakillari hamda blogerlar uchun matbuot anjumani tashkil etildi.

Matbuot anjumanida agentlikning Qoraqalpog‘iston Respublikasi filiali rahbari o‘rinbosari A.Reimbayev 2023 yilda sohada amalga oshirilgan ishlar va kelgusidagi rejalarga to‘xtaldi.

Ta’kidlanganidek, 2023 yil davomida Agentlikning Qoraqalpog‘iston Respublikasi filiali tomonidan bir qator ishlar amalga oshirildi. Jumladan, bugungi kunda hududdagi davlat fuqarolik xizmati organlari va tashkilotlari tizimida 5 ming 5 nafar xodim faoliyat yuritmoqda.

O‘tgan davr mobaynida 37 ta vazirlik va idora, 17 ta shahar va tuman hokimliklari tomonidan Davlat xizmatini rivojlantirish agentligining “Vacancy.argos.uz” portalida e’lon qilingan 1 ming 328 ta vakant lavozim uchun 29 ming nafarga yaqin nomzoddan hujjat kelib tushdi. O‘tkazilgan tanlov asosida davlat fuqarolik xizmatiga qabul qilingan 549 nafar xodimning 137 nafari iqtisodiy, 225 nafari ijtimoiy,  113 nafari qishloq xo‘jaligi, 26 nafari qurilish sohasi tashkilotlariga, 48 nafari shahar va tuman hokimliklariga  ishga qabul qilindi.

Hisobot davrida jami 1 ming 659 nafar davlat fuqarolik xizmatchisining bilim va ko‘nikmasi oshirildi. Shu davr mobaynida 14 ta ijtimoiy anonim so‘rovnoma o‘tkazilib, ularda 3 ming 160 nafar davlat fuqarolik xizmatchisi, oliy ta’lim muassasalarining 1 ming 388 nafar bitiruvchisi, 5 ming 632 nafar aholi vakillari hamda 685 nafar mahalla xodimlari ishtirok etdi.

Filial  tomonidan vazirlik va tashkilotlarda xodimlarning huquqlari va qonuniy manfaatlariga rioya etilishi yuzasidan 44 ta o‘rganish va monitoring o‘tkazildi. Mazkur o‘rganishlar natijasida aniqlangan qonunbuzilish holatlari yuzasidan 15 ta taqdimnoma, 11 ta ogohlantirish  xati kiritilib, 15 nafar mas’ul mansabdor shaxsning intizomiy javobgarlikka  tortilishi ta’minlandi.

Filial  tomonidan eng nufuzli 500 talik ro‘yxatga kiritilgan xorijiy oliy ta’lim muassasalarini (bakalavriat, magistratura) tamomlagan 11 nafar yosh mutaxassisga  tegishli ustamalarining o‘z vaqtida to‘lab berilishiga amaliy yordam ko‘rsatildi. Shuningdek, “Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi  qonun talablarini ta’minlash  maqsadida  davlat organlaridagi  5 ming 611 nafar davlat fuqarolik xizmatchisidan 5  ming 568 nafari tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi.

Shu davr mobaynida filialga jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan 10 ta murojaat kelib tushib, barchasi ijobiy hal etildi. Shuningdek, telegramdagi vacancy_argos_bot kanaliga hamda filialning ishonch telefoniga kelib tushgan 4 mingtaga yaqin murojaatga o‘z vaqtida javob berilishi ta’minlandi.

Tadbir yakunida ommaviy axborot vositalari vakillari hamda blogerlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga batafsil javob oldi  va takliflarini bildirdi.

Dovud Abibullayev, Maqsad  Habibullayev (surat),

O‘zA muxbirlari