Dok-1 Maks fojeasi: “O‘g‘lim 4 oy komadan keyin ko‘rish va eshitishida muammo bor, borimni sotib davolatyapman…” (+video)

299

19 yanvar kuni “Dok-1 Maks” fojeasining navbatdagi sud majlisi bo‘lib o‘tdi. Sud avvalida Quramax Medical MCHJ bosh direktori sudlanuvchi Singx Ragvendra Pratarning advokati qamoq ehtiyot chorasini boshqa usulga o‘zgartirishni so‘rab iltimosnoma kiritdi. Advokatga ko‘ra, hindistonlik sudlanuvchi uzoq yillardan buyon turlli kasalliklar bilan og‘rib keladi va hibsxonada berilayotgan taomlarni iste’mol qilolmaslik oqibatida sezilarli darajada vazn yo‘qotgan. Sud ushbu chorani “barvaqt” deb topib, iltimosnomani qanoatlantirmadi.

Undan so‘ng jabrlanuvchilarning qonuniy vakillari o‘z ko‘rsatmalarini berib o‘tdi. Jumladan, nogiron bo‘lib qolgan 4 yoshli Rahmonov Muhtorjonning otasi Rahmonov G‘ofurjon farzandi 4 oy komada yotib, hozir ko‘rish va eshitishida muammolar borligini aytadi.

Jabrlanuvchi bolasini davolatish uchun 100 ming dollar so‘rab, aybdorlarga uzoq muddatli qamoq jazosi berilishini so‘radi. Shu kunga qadar jabrlanuvchi ota bolasining sog‘ligi uchun 300 million so‘m sarflagan. “Kecha yana 20 ming dollar berib yubordim Hindistonga ketish uchun. 350 million so‘m kredit oldim yana, boshqa ilojim qolmadi”, deb qo‘shimcha qilgan Rahmonov G‘ofurjon.

Keyingi sud majlisi 24 yanvar kuni davom etadi.

Sardorbek Poyonov, Ulug‘bek To‘xtayev (video), O‘zA