Adliya vaziri tadbirkorlar bilan ochiq muloqot qildi

319

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti raisligida eksport, investitsiya va mahalliy sanoatda 2024 yilda turgan vazifalar bo‘yicha o‘tkazilgan yig‘ilishda adliya vaziriga bergan topshiriqlar ijrosini ta’minlash maqsadida ochiq muloqot tashkil etildi.

Adliya vazirligida o‘tgan muloqot davomida standartlashtirish hamda texnik jihatdan tartibga solish sohasida yuzaga kelayotgan muammolarni aniqlash va ularni huquqiy jihatdan bartaraf qilish masalalari muhokama qilindi.

Ochiq muloqotda 60 nafardan ortiq tadbirkor hamda ushbu sohaga mas’ul bo‘lgan tashkilot vakillarining o‘z faoliyati davomida duch kelayotgan turli xil muammolari va byurokratik to‘siqlar yuzasidan fikr va takliflari tinglandi.

Jumladan, tadbirkorlar tovarlarni eksport va import qilishda hamda ishlab chiqarilgan mahsulotlarni standartlashtirishda, sifat menejmenti tizimi bo‘yicha xalqaro standartlarni qo‘llash, xorijiy sertifikatlarni tan olish, xalqaro standartlarni joriy qilish maslalari yuzasidan 50 ga yaqin taklif bildirdi.

Tadbir yakunida adliya vaziri A.Toshqulov bildirilgan fikr va takliflar o‘rganib chiqilib, ulardan sohani takomillashtirish bo‘yicha ishlab chiqilayotgan normativ-huquqiy hujjat loyihasida inobatga olinishini qayd etdi.

N.Abduraimova, O‘zA