Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurashish kuni munosabati bilan o‘tkazilgan “Biz korrupsiyaga qarshimiz” tanlovi g‘oliblarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Qonuniylik, sud-huquq va korrupsiyaga qarshi kurashish masalalari qo‘mitasi raisi Z.Reymova, institut rektori vazifasini vaqtincha bajaruvchi Q.Qodirov, mazkur institutning Korrupsiyaga qarshi kurashish “Komplayens-nazorat” tizimini boshqarish bo‘limi boshlig‘i P.Xojabekov so‘zga chiqib, ushbu illatga qarshi kurashish, oliy ta’lim tizimini korrupsiyadan xoli sohaga aylantirish borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlarga to‘xtaldi.
Bugungi kunda korrupsiya taraqqiyot kushandasi, xavfsizlikka tahdid tug‘diruvchi xavfli transmilliy jinoyat hisoblanadi. Shuning uchun ham bu illat mamlakatimizning barcha, jumladan siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy sohalarda amalga oshirilayotgan islohotlarga, yurtimizning xalqaro maydondagi imijiga hamda investitsion jozibadorligiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.
Prezidentimiz 2020 yil 24 yanvar kuni Oliy Majlisga yo‘llagan Murojaatnomasida “Jamiyatimizda korrupsiya illati o‘zining turli ko‘rinishlari bilan taraqqiyotimizga g‘ov bo‘lmoqda. Bu yovuz baloning oldini olmasak, haqiqiy ishbilarmonlik va investitsiya muhitini yaratib bo‘lmaydi, umuman, jamiyatning birorta tarmog‘i rivojlanmaydi” deb ta’kidlab o‘tgan edi.
Mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurashish borasida keng ko‘lamli ishlarning yo‘lga qo‘yilishi, ayniqsa, ushbu masalaga oid qonunchilik takomillashtirilishi hamda har bir sohada “Komplayens-nazorat” tizimining joriy etilishi ijobiy samara bermoqda. Albatta, ushbu illatga qarshi kurashishning samaradorligini yanada oshirish uchun aholi, shu jumladan, yoshlar o‘rtasida targ‘ibot-tashviqot ishlarini olib borib, jamoatchilik nazoratini kuchaytirish talab etiladi.
Institutda o‘tkazilgan tanlovlar yoshlarda korrupsiya haqida tushunchalar hosil etib, uning salbiy oqibatlari, kelajak uchun zararli tomonlari to‘g‘risida xulosa chiqarib, yon-atrofda bo‘layotgan voqea-hodisalarga befarq bo‘lmaslikka asos bo‘lib xizmat qiladi. Korrupsiya illati va uning salbiy ta’siri to‘g‘risidagi videoroliklar, rasmlar, hikoyalar va she’rlar bo‘yicha tanlovga talabalardan 2 mingdan ziyod ijodiy ish kelib tushdi.
Tanlov g‘oliblariga institut rektorati hamda kasaba uyushma qo‘mitasi tomonidan esdalik sovg‘alari topshirildi. Shuningdek, korrupsiyaga qarshi kurashishda faollik ko‘rsatib kelayotgan fakultet dekanatlari vakillari, professor-o‘qituvchilar, tyudorlar hamda bo‘limlarning mutaxassislari ham munosib taqdirlandi.
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA muxbirlari