O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining qirq to‘qqizinchi yalpi majlisi to‘g‘risida AXBOROT

19 yanvar kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining qirq to‘qqizinchi yalpi majlisi o‘z ishini boshladi.
Unda Senat, hukumat a’zolari, vazirlik va idoralarning vakillari, Senat huzuridagi Yoshlar parlamenti a’zolari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari qatnashdi.
Videokonferensaloqa tarzida o‘tkazilgan yalpi majlisni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Norboyeva olib bordi.
Yalpi majlis Senatning YouTube tarmog‘idagi sahifasi orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri yoritib borildi.
Senatning qirq to‘qqizinchi yalpi majlisida dastlab Oliy Majlis Senatining 2023 yildagi faoliyati yakunlariga bag‘ishlangan masala atroflicha ko‘rib chiqildi.
Ta’kidlanganidek, o‘tgan yil davomida Senat Konstitutsiya va qonunlarda belgilangan vakolatlari, shuningdek, 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasida aks etgan ustuvor yo‘nalishlardan kelib chiqib faoliyat yuritdi.
Jumladan, qonunchilik faoliyatini takomillashtirish, parlament nazoratini kuchaytirish, xalqaro va parlamentlararo munosabatlarni kengaytirish, mahalliy Kengashlar faoliyatiga ko‘maklashish, xalq bilan muloqot samaradorligiga erishishda parlament ta’sirini oshirish bo‘yicha qator chora-tadbirlar amalga oshirildi.
Qayd etish joiz, joriy yilda milliy taraqqiyotimizning ustuvor yo‘nalishlarini qamrab olgan hamda inson qadri degan ulug‘vor tamoyilni o‘zida jamlagan yangilangan Konstitutsiya qabul qilindi.
Prezidentimiz tashabbusi bilan qabul qilingan “O‘zbekiston –2030” strategiyasi esa boshlangan islohotlarimizni sifat va mazmun jihatdan yangi bosqichga olib chiqishi bilan ahamiyatlidir.
Bunday faol yangilanishlar sharoitida parlament, xususan, Senatning ham o‘rni va roli tobora oshib bormoqda. Ayniqsa, senatorlar joriy yilda hududlarda sermahsul faoliyat yuritib, dolzarb ijtimoiy-iqtisodiy masalalar yechimiga o‘z hissalarini qo‘shdi.
Qonunchilik yo‘nalishida jami 91 ta qonun ko‘rib chiqildi. Qonunlarni tizimli tahlil qilish va ularni takomillashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish amaliyoti davom ettirilib, bir qator qonunlar ijrosi, huquqni qo‘llash amaliyoti va qonunosti hujjatlarining qabul qilinishini monitoring qilish yakunlari bo‘yicha Hukumat oldiga tegishli vazifalar qo‘yildi.
Parlament nazorati doirasida Senat yalpi majlislarida 8 marotaba hukumat a’zolari, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, hududlar rahbarlarining axborotlari eshitildi.
Senatorlar hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholining haqli e’tirozlariga sabab bo‘layotgan masalalarni o‘rganishga alohida e’tibor bergan holda, senatorlar tomonidan Senat yalpi majlislari muhokamasiga 17 ta muammoli masalalar olib chiqildi va ulardan 9 tasi ijobiy hal etildi. Qolgan 8 tasi bo‘yicha hozirgi vaqtda muammolarni ijobiy hal etish choralari ko‘rilmoqda.
Shuningdek, byudjetni ijtimoiy yo‘naltirish, jumladan, mablag‘larni hududlarda aholini tashvishga solayotgan dolzarb masalalarni hal qilishga yo‘naltirishda Senat faol ishtirok etmoqda.
Yil davomida Senatning hududlarda olib borgan o‘rganishlari va uning yakunlari asosida hukumatga kiritgan takliflari asosida joylardagi muammoli masalalarni (maktab, bog‘cha, kasalxona, suvdan foydalanish, yo‘l qurish va h.k.) hal qilishga umumiy hisobda 1 trillion so‘mdan ziyod byudjet mablag‘lari yo‘naltirilishi ta’minlandi.
Senat qo‘mitalari tomonidan nazorat-tahlil faoliyati doirasida hududlarda 80 ga yaqin o‘rganish o‘tkazilib, tegishli qarorlar qabul qilindi.
Xalqaro parlament munosabatlari doirasida xorijiy davlatlar, xalqaro tashkilotlar, xalqaro moliya tuzilmalari va biznes vakillari bilan o‘tkazilgan 200 dan ziyod uchrashuvlarda hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi.
Ikki tomonlama parlament aloqalarini va hamkorlikni rivojlantirish maqsadida parlamentlararo guruhlarning 10 ta yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Senat tashabbusi bilan 4 ta xalqaro tadbir o‘tkazildi.
Mahalliy Kengashlar faoliyatiga uslubiy-amaliy yordam ko‘rsatish uchun mahalliy Kengashlar deputatlari uchun muntazam ravishda o‘quv kurslari, seminarlar tashkil etildi.
Mahalliy Kengashlar faoliyatini uslubiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash maqsadida xalq deputatlari mahalliy Kengashlari tomonidan mahalliy byudjet ijrosi ustidan deputatlik nazoratini tashkil etish bo‘yicha hamda parlament diplomatiyasi bo‘yicha amaliy qo‘llanmalar ishlab chiqildi.
Bundan tashqari, Senat Raisi boshchiligida korrupsiya, odam savdosi va majburiy mehnatga qarshi kurashish, xotin-qizlar masalalari, gender tenglikni ta’minlash, xalqaro reytinglar bilan ishlash kabi qator dolzarb yo‘nalishlarda milliy tuzilmalar faoliyati izchil davom ettirildi.
Qayd etilgan yo‘nalishlarda olib borilgan islohotlar natijasida mamlakatimiz uchun ustuvor etib belgilangan nufuzli xalqaro reytinglarda O‘zbekistonning o‘rni ko‘tarildi.
Majlis davomida Senat faoliyati yakunlari ko‘rib chiqilgach, 2024 yilga mo‘ljallangan parlament yuqori palatasining ustuvor vazifalari ham belgilab olindi.
Shundan so‘ng, Senatning qirq to‘qqizinchi yalpi majlisida “Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining faoliyatini takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun senatorlar tomonidan muhokama etildi.
Ta’kidlanganidek, 2023 yilning aprel oyida umumxalq referendumi orqali O‘zbekiston Respublikasining yangi tahrirdagi Konstitutsiyasi qabul qilindi. Yangi O‘zbekistonni barpo etishning konstitutsiyaviy asoslari mustahkamlandi.
Shu bilan birga, qator qonunlar, Prezident farmon va qarorlari hamda Hukumat qarorlari qabul qilinib, jamiyatimizning barcha sohalarida amalga oshirilayotgan islohotlarni huquqiy jihatdan ta’minlash choralari ko‘rilmoqda.
Konstitutsiyamizda muhrlangan ustuvor maqsad va vazifalarni amalga oshirish yuzasidan Oliy Majlis palatalari tomonidan o‘z faoliyatlarini tartibga soluvchi O‘zbekiston Respublikasi qonunlari yangi tahrirdagi Konstitutsiyaga muvofiqlashtirilmoqda.
Xususan, parlament palatalarining faoliyatidagi parallellikni va bir-birini takrorlovchi vakolatlari aniqlashtirilmoqda, Senat a’zolari jami 100 nafardan 65 nafarga qisqartirilmoqda. Bunda, har bir ma’muriy-hududiy birlikdan 4 nafardan senator saylanishi, 9 nafari Prezident tomonidan tayinlanishi belgilanmoqda.
Shuningdek, Qonunchilik palatasi Spikeri o‘rinbosarlari soni 7 tadan 2 taga qisqartirilmoqda. Bunda Spikerning o‘rinbosarlari fraksiya a’zosi bo‘lishi mumkin emasligi hamda lavozimda bo‘lish davrida siyosiy partiyadagi a’zolikni to‘xtatib turishi belgilanmoqda. Bundan tashqari, Qonunchilik palatasi va Senatning o‘zini o‘zi tarqatib yuborish vakolati kiritilmoqda. Bunday holatda Qonunchilik palatasiga yangi saylov 2 oy mobaynida o‘tkazilishi, Senatning yangi tarkibi esa, 1 oy mobaynida shakllantirilishi nazarda tutilmoqda.
Yana bir muhim jihat, 100 ming nafardan kam bo‘lmagan fuqarolar, Senat, Ombudsman va Markaziy saylov komissiyasi qonunchilik takliflarini Qonunchilik palatasiga kiritishi mumkinligi hamda parlament tekshiruvini o‘tkazish Qonunchilik palatasi deputatlari va Senat a’zolari orasidan tenglik asosida tuziladigan birgalikdagi maxsus komissiyasi tomonidan o‘tkazilishi belgilanmoqda.
Qonunning yuqorida qayd etilgan Senat a’zolari soni va qo‘mitalar nomlarini hamda Qonunchilik palatasi Spikerining o‘rinbosarlari soni va maqomini belgilovchi qoidalari 2024 yilda navbatdagi chaqiriqdagi Oliy Majlis palatalari ishi boshlanganidan amalga kiritilishi belgilanmoqda.
Senatorlar ta’kidlaganidek, mazkur qonunning qabul qilinishi umumxalq referendumida qabul qilingan yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning normalarini amalga oshirishga, shuningdek, qonunlar qoidalarini Konstitutsiyaga muvofiqlashtirishga xizmat qiladi.
Muhokama yakunida qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.
Shuningdek, yalpi majlisda senatorlar “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga jinoyatchilikka qarshi kurashish bo‘yicha faoliyatning huquqiy asoslarini takomillashtirishga qaratilgan qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonunni ko‘rib chiqdilar.
Ta’kidlanganidek, respublikamizda fuqarolarning huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini himoya qilish, shaxs, jamoat va davlat xavfsizligini ta’minlash, huquqbuzarliklar profilaktikasi hamda jinoyatchilikka qarshi kurashish bo‘yicha yaxlit huquqiy tizim yaratildi.
Mamlakatimizda qonun ustuvorligini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan islohotlar huquqni muhofaza qiluvchi organlar oldiga yangi vazifalarni qo‘ymoqda hamda ushbu organlarning o‘z zimmasiga yuklatilgan vazifalarni bajarish bo‘yicha tezkor va samarali qarorlar qabul qilishi uchun mustahkam huquqiy asos yaratishga qaratilgan.
Mazkur qonun bilan “Tezkor-qidiruv faoliyati to‘g‘risida”gi qonunga ma’lumotlarni to‘plash, tezkor kiritish, niqoblangan operatsiya kabi tezkor-qidiruv tadbirlarini amalga oshirish tartibini aniqlashtirishni, shuningdek, axborot texnologiyalari sohasidagi jinoyatchilikka qarshi kurashishning huquqiy asoslarini mustahkamlashni, tezkor-qidiruv tadbirlari axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini qo‘llagan holda, shu jumladan, kibermakonda va (yoki) uning imkoniyatlaridan foydalangan holda o‘tkazilishi mumkin ekanligini belgilashni nazarda tutuvchi qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritilmoqda.
Shu bilan birga, “Ichki ishlar organlari to‘g‘risida”gi qonunga jinoyatlarning holatlarini aniqlash, jinoyatlarni sodir etgan shaxslarni aniqlash va qidirish, shuningdek, jazoni o‘tashdan bo‘yin tovlayotgan yoki bedarak yo‘qolgan shaxslarni qidirish maqsadida ommaviy axborot vositalarining imkoniyatlaridan bepul foydalanishga doir ichki ishlar organlarining huquqlarini aniqlashtirishni nazarda tutuvchi o‘zgartirish kiritilmoqda.
Bundan tashqari, “Ma’muriy qamoqni o‘tash tartibi to‘g‘risida”gi qonunga ma’muriy qamoqqa olingan shaxslarni qabul qilish va saqlash uchun mo‘ljallangan maxsus muassasada tezkor-qidiruv faoliyatini amalga oshirish mumkin ekanligini belgilovchi qo‘shimcha kiritilmoqda.
Senatorlar ta’kidlaganidek, ushbu qonun jamoat tartibini saqlashni va fuqarolar xavfsizligini yanada ishonchli ta’minlashga, shuningdek, huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish bo‘yicha tadbirlar samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.
Shu bilan birga, yalpi majlisda “Ayrim toifadagi jinoiy qilmishlar uchun javobgarlik liberallashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga hamda O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonun muhokama qilindi.
Senatorlar qayd etganidek, mamlakatimizda sud-huquq tizimini yanada demokratlashtirish va erkinlashtirish, sud, huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat organlari faoliyati samaradorligini oshirish hamda jamiyatda qonun ustuvorligini ta’minlash va qonuniylikni mustahkamlash borasida qator islohotlar amalga oshirilmoqda. Insonparvarlik, adolatparvarlik g‘oyalariga asoslangan qonunlar qabul qilinmoqda.
Muhokama qilingan qonun bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga uchuvchisiz uchadigan apparatlarni, ularning butlovchi va ehtiyot qismlarini qonunga xilof ravishda olib kirish, o‘tkazish, olish, saqlash yoki ulardan foydalanish bilan bog‘liq ma’muriy javobgarlikni nazarda tutuvchi yangi norma kiritilmoqda.
Xususan, ma’muriy huquqbuzarlik natijasida aniqlangan uchuvchisiz uchadigan apparatlar davlat hisobiga musodara qilinishi, qonunga xilof ravishda harakatlarni sodir etgan shaxs, agar u uchuvchisiz uchadigan apparatlarni, ularning butlovchi va ehtiyot qismlarini o‘z ixtiyori bilan topshirsa, javobgarlikdan ozod qilinishi hamda ushbu toifadagi ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlar jinoyat ishlari bo‘yicha sudlar tomonidan ko‘rib chiqilishi belgilanmoqda.
Shuningdek, Jinoyat kodeksining 2444-moddasida belgilangan sanksiyalarga muqobil jarima, axloq tuzatish ishlari, ozodlikni cheklash kabi jazo turlari kiritilmoqda, ya’ni shunday harakatlar uchun ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin sodir etilgan bo‘lsa, jinoiy javobgarlik nazarda tutilmoqda.
Senatorlarning fikricha, qonunning amaliyotga tatbiq etilishi natijasida qonunga xilof ravishda ushbu qilmishni birinchi marotaba sodir etgan shaxslar uchun jinoiy javobgarlik emas, balki ma’muriy javobgarlik belgilanib, bu, o‘z navbatida, jamiyatimizda ushbu turdagi jinoyatlar ko‘payishini oldini olishga xizmat qiladi.
Muhokama yakunida qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.
Bundan tashqari, Senatning qirq to‘qqizinchi yalpi majlisida “O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 248-moddasiga qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonun ko‘rib chiqildi.
Ta’kidlanganidek, keyingi yillarda ichki ishlar organlarida xotin-qizlar va bolalarning huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini ta’minlash, ularning hayoti va sog‘lig‘ini muhofaza qilish, sha’ni va qadr-qimmatini himoya qilish, ularning ma’naviy hamda jismoniy rivojlanishiga ko‘maklashish borasida tizimli ishlar yo‘lga qo‘yildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining hamda Hukumatining tegishli qarorlari bilan ichki ishlar organlarining huquqbuzarliklar profilaktikasi bo‘linmalarida voyaga yetmaganlar masalalari bo‘yicha inspektor-psixolog va xotin-qizlar masalalari bo‘yicha inspektor lavozimlari joriy etildi.
Tahlillar shuni ko‘rsatdiki, ichki ishlar organlarining voyaga yetmaganlar masalalari bo‘yicha inspektor-psixologlarida zarur vakolatlar mavjud emasligi voyaga yetmaganlar bilan bog‘liq huquqbuzarliklar profilaktikasi yuzasidan o‘z vaqtida chora-tadbirlar ko‘rilishiga to‘sqinlik qilmoqda.
Shu bilan birga, tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlangan xotin-qizlarning davlat tomonidan himoya qilinishini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar samaradorligini yanada oshirish maqsadida himoya orderi talablarining bajarilishini nazorat qilish yuzasidan ichki ishlar organlari xotin-qizlar masalalari bo‘yicha inspektorlarining mas’uliyatini kuchaytirish talab etiladi.
Mazkur qonun bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 248-moddasiga bolalarni tarbiyalash va ularga ta’lim berish bo‘yicha majburiyatlarni bajarmaganlikda, jamoat joylarida tamaki yoki alkogol mahsulotini iste’mol qilganlikda, shuningdek, voyaga yetmagan shaxsni g‘ayriijtimoiy xatti-harakatlarga jalb qilganlikda aybdor shaxslarni ma’muriy javobgarlikka tortish uchun ichki ishlar organlarining voyaga yetmaganlar masalalari bo‘yicha inspektor-psixologlariga zarur vakolatlar berilishini nazarda tutuvchi qo‘shimchalar kiritilmoqda.
Bundan tashqari, ichki ishlar organlarining xotin-qizlar masalalari bo‘yicha inspektorlariga tazyiq o‘tkazgan va (yoki) zo‘ravonlik sodir etgan yoxud ularni sodir etishga moyil bo‘lgan shaxs tomonidan himoya orderi talablarini bajarmaganlik kabi ma’muriy huquqbuzarliklarni rasmiylashtirish vakolatlari berilmoqda.
Senatorlar fikricha, ushbu qonun ichki ishlar organlarining voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasiga, xotin-qizlar va bolalarning huquqlari hamda qonuniy manfaatlarini himoya qilishga doir faoliyati samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.
Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.
Shuningdek, Senatning navbatdagi yalpi majlisida “Qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish yanada rivojlantirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun ko‘rib chiqildi.
Ta’kidlanganidek, so‘nggi yillarda mamlakatimizda energiya barqarorligini ta’minlash, qayta tiklanuvchi energiya manbalarini va energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etish, sohani davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash mexanizmlarini takomillashtirish borasida izchil islohotlar amalga oshirilmoqda.
Hozirda mamlakatimizda qayta tiklanuvchi energiya manbalarining elektr energiyasini ishlab chiqarish umumiy hajmidagi ulushi qariyb 10 foizni tashkil etmoqda.
Bu borada O‘zbekiston 2030 yilga qadar qayta tiklanuvchi energiya manbalari quvvatini 27 gigavattga yetkazib, elektr energiyasi ishlab chiqarish umumiy hajmini kamida 40 foizga olib chiqish maqsad qilingan.
Bu har yili 25 milliard kub metr tabiiy gazni tejash, atmosferaga zararli tashlanmalarni 34 million tonnaga qisqartirish imkonini beradi.
Albatta, belgilangan ko‘rsatkichlarga erishish uchun amaldagi qonunlarda ayrim normalarni qayta ko‘rib chiqish taqozo etiladi.
Yuqorida keltirilgan zaruratga asosan “Qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish to‘g‘risida”gi qonunga “yashil energiya” sertifikatlarini berish va muomalaga kiritishga, qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanishni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashga taalluqli qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritilmoqda.
Quvvati 300 kVt va undan yuqori bo‘lgan qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalangan holda ishlab chiqariladigan elektr energiyasini yagona elektr energetikasi tizimiga ulash faqat ushbu manbalar maxsus vakolatli davlat organida ro‘yxatdan o‘tkazilganidan keyin amalga oshirilishi nazarda tutilmoqda.
Shuningdek, qonun bilan Soliq kodeksiga qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanishga asoslangan generatsiya ob’ektlarining “yashil energiya” sertifikatlari savdosidan tushgan daromadlarini foyda solig‘idan ozod qilishga doir o‘zgartish kiritilmoqda.
Senatorlar mazkur qonun ijtimoiy va uy-joy kommunal sohalarda, iqtisodiyot tarmoqlarida qayta tiklanuvchi energiya manbalarini keng joriy etishga, energiya samaradorligini oshirish orqali respublika hududlaridagi energiya taqchilligini bartaraf etishga hamda investorlar uchun qulay sharoitlarni yaratishga va rag‘batlantirish mexanizmlarini belgilashga xizmat qilishini ta’kidladilar.
Muhokama yakunida qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.
Bundan tashqari, Senatning navbatdagi yalpi majlisida “O‘zbekiston Respublikasining Bojxona kodeksiga bojxona tartib-taomillarini yanada takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun ko‘rib chiqildi.
Ta’kidlash lozimki, so‘nggi yillarda mamlakatimizda tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirishni yengillashtirish va rag‘batlantirish maqsadida sohaga oid qator tartibotlar tanqidiy qayta ko‘rib chiqilib, eskirgan, zamon talabiga javob bermaydigan byurokratik to‘siq va g‘ovlar bekor qilindi.
Ko‘rilgan choralar natijasida respublikada ishbilarmonlik muhiti yaxshilanib, tadbirkorlik sub’ektlari va xususiy investorlar uchun keng imkoniyatlar yaratildi.
Shu bilan birga, qonunchilikni xalqaro normalarga uyg‘unlashtirish orqali tashqi savdoni yanada liberallashtirish zarurati mavjud.
Muhokama qilingan qonun qonunchilikdagi bo‘shliqlarni bartaraf etishga, tovarlarni olib kirishda bojxona qiymatini aniqlashga doir normalarni xalqaro standartlarga muvofiqlashtirishga qaratilgan.
Qonun bilan sohaga yangi amaliyotlar joriy etilmoqda.
Xususan, bojxona hududi reeksport bojxona rejimiga joylashtirilgan tovarlarni olib chiqish bo‘yicha aniq muddatlar, shuningdek, reeksportga olib chiqilmagan tovarlarning saqlash joylari belgilanmoqda.
2018-2020 yillarda bojxona omborlariga 488 partiyadagi qiymati 186,8 million dollarga teng 125,6 ming tonna tovarlar olib kelingan bo‘lib, bugungi kunga qadar “bojxona ombori” bojxona rejimida muddati o‘tgan holda saqlanmoqda.
Ushbu qonun tovarlar bir necha bor bojxona ombori bojxona rejimiga joylashtirilganda yoki boshqa shaxsga o‘tkazilganda bojxona ombori bojxona rejimining umumiy amal qilish muddati 3 yildan oshmasligi bo‘yicha aniqlashtiruvchi norma bilan to‘ldirilmoqda.
Shuningdek, qonunga ko‘ra endilikda tovarlarni bojxona hududida qayta ishlashning texnologik jarayoni to‘g‘risidagi hujjat kichik turdagi tashkilotlardan emas, balki faqatgina yirik davlat ulushi bo‘lgan tashkilotlardan talab etiladi.
Mazkur yengillik tadbirkorlar uchun qayta ishlash rejimidan samarali foydalanish imkonini beradi.
Bundan tashqari, qonun bilan tovarlar chiqarib yuborilguniga qadar tayinlangan bojxona ekspertizasining natijalari olingunicha tovarlarni chiqarib yuborishga ruxsat berilmoqda.
Olib chiqiladigan tovarlarga nisbatan to‘xtatib turish chorasini ko‘rish mumkinligi bo‘yicha norma kiritilmoqda. Bu amaliyot tovarlar eksportini amalga oshiruvchi milliy ishlab chiqaruvchilarga qulayliklar beradi. Xususan, bu o‘zi ishlab chiqargan tovarlarning kontrafakt nusxalarini xorijga eksport qilishning oldini oladi, chet davlatlarda milliy brendlarimiz obro‘sini oshiradi, halol raqobat muhitini (o‘zganing brendini o‘g‘irlamaslik) ta’minlaydi.
Senatorlarning ta’kidlashicha, mazkur qonun milliy qonunchilik xalqaro standartlarga muvofiqlashtirilishini ta’minlashga, shu jumladan, iqtisodiyotda teng raqobat uchun shart-sharoitlar yaratishga va chet el investitsiyalarini keng jalb qilishga xizmat qiladi.
Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.
Shuningdek, yalpi majlisda “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga O‘zbekiston Respublikasi milliy qonunchiligini Jahon savdo tashkiloti bitimlariga muvofiqlashtirishni nazarda tutuvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun ko‘rib chiqildi.
Qonunda intellektual mulk, reklama va davlat boji bilan bog‘liq bo‘lgan milliy qonunchilikning qator normalarini Jahon savdo tashkilotining talablariga uyg‘unlashtirish maqsadida “Ixtirolar, foydali modellar va sanoat namunalari to‘g‘risida”gi, “Tovar belgilari, xizmat ko‘rsatish belgilari va tovar kelib chiqqan joy nomlari to‘g‘risida”gi, “Reklama to‘g‘risida”gi, “Dori vositalari va farmatsevtika faoliyati to‘g‘risida”gi va “Davlat boji to‘g‘risida”gi qonunlarga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilishi nazarda tutilgan.
Xususan, “Ixtirolar, foydali modellar va sanoat namunalari to‘g‘risida”gi qonunga kiritilayotgan o‘zgartirish yillar davomida sanoat ishlab chiqarishga joriy qilinmagan ixtirolarni yoki foydali modellarni amaliyotga joriy qilinishini ta’minlashga, yangi turdagi mahsulotlarni ishlab chiqarishga va bozorni to‘ldirishga xizmat qiladi.
Bundan tashqari, “Reklama to‘g‘risida”gi qonun Jahon savdo tashkilotining Xizmatlar savdosi bo‘yicha bosh bitimida nazarda tutilgan me’yorlar bilan o‘zaro muvofiqlashtirilib, erkin raqobat muhitining yaratilishi ko‘zda tutilgan.
Qonunga kiritilayotgan o‘zgartish va qo‘shimchalarga asosan chet elda ishlab chiqarilgan pivoni, tabiiy va ko‘piklanadigan vinolarni reklama qilish yuzasidan cheklov bekor qilinib, bu bilan bozorda raqobat muhitini yuzaga kelishiga zamin yaratilmoqda.
“Dori vositalari va farmatsevtika faoliyati to‘g‘risida”gi qonunga ham Jahon savdo tashkiloti bitimlaridan kelib chiqib, qo‘shimcha me’yorlar kiritilayotgan bo‘lib, unga ko‘ra farmatsevtika sohasiga klinik tadqiqotlardan oldingi va klinik tadqiqotlar natijalari bo‘yicha olingan ma’lumotlarni samarali himoya qilish mexanizmini joriy qilish orqali original dori vositalar ishlab chiqaruvchilarning huquqi himoya qilinmoqda.
“Davlat boji to‘g‘risida”gi qonunga xorijiy investitsiyali hamda mahalliy korxonalarga bir xilda tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirishga qaratilgan o‘zgartirishlar kiritilmoqda. Ya’ni, chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonalarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazganlik uchun davlat boji stavkasi bazaviy hisoblash miqdorining 10 baravaridan 1 barobarigacha tushirilmoqda.
Qonunda ixtirolar, foydali modellar, sanoat namunalarini huquqiy muhofaza qilish uchun patent berishga, rasmiy ekspertiza o‘tkazishga va ma’lumotlarni e’lon qilishga talabnoma berish uchun davlat bojlari miqdorlari Intellektual mulkning savdo jihatlari bo‘yicha JST bitimi talablariga uyg‘unlashtirilmoqda.
Senatorlarning fikricha, mazkur qonunning qabul qilinishi milliy qonunchilikni Jahon savdo tashkiloti bitimlari talablariga muvofiqlashtirish orqali O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lish jarayonining jadallashishiga hamda intellektual mulk ob’ektlarining himoya qilinishini ta’minlashga, O‘zbekiston Respublikasi va xorijiy investorlarga bir xil shart-sharoitlar hamda teng raqobat muhiti yaratilishiga xizmat qiladi.
Muhokamadan so‘ng senatorlar ushbu qonunning dolzarbligi va zarurligini e’tiborga olib, uni ma’qulladilar.
Shuning bilan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining qirq to‘qqizinchi yalpi majlisining birinchi ish kuni yakunlandi.
O‘zbekiston Respublikasi
Oliy Majlisi Senatining
Axborot xizmati