Ekotizimlarni saqlash borasida Xitoy tajribasi o‘rganilmoqda

357

O‘zbekiston Respublikasi va Xitoy Xalq Respublikasi bilan barcha sohalarda bo‘lgani kabi ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi sohasida ham izchil va samarali hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan.

Xitoy Xalq Respublikasi qum bo‘ronlari va cho‘llarni nazorat qilish bo‘yicha milliy kengashi raisi An Fendzining Samarqandda o‘tkazilgan (CRIC-21) — BMTning cho‘llanish to‘g‘risidagi konvensiyasi ijrosini ko‘rib chiqish qo‘mitasining 21-sessiyasida ishtirok etishi o‘zaro hamkorlikni mustahkamlash borasidagi yana bir muhim qadamga aylandi.

An Fendzi va Ekologiya vaziri Aziz Abduhakimov o‘rtasidagi muloqot jarayonida yerlarning degradatsiyasi va barqaror yer boshqaruvi bo‘yicha tadqiqotlar olib borish, jumladan, tajriba almashish va O‘zbekistonning chang va qum bo‘ronlari xavfi yuqori bo‘lgan hududlarida qo‘shma ilmiy-tadqiqot faoliyatini amalga oshirish masalalari muhokama qilingan edi. Yakunda cho‘llanish va yerlarning degradatsiyasiga qarshi kurashish sohasida ilmiy-amaliy hamkorlik to‘g‘risida Memorandum ishlab chiqish va imzolash orqali tez orada yaqin hamkorlikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha kelishuvga erishilgan.

Shuningdek, joriy yil Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligida tashkil etilgan xitoylik soha vakillari bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda ikki mamlakat o‘rtasida ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi hamkorlik va strategik sheriklikni mustahkamlash istiqbollari, shuningdek, energiya jihatidan tejamkor va ekologik toza binolar qurish hamda maishiy va qattiq chiqindilarni qayta ishlash bo‘yicha yirik loyihalar muhokama qilindi.

Xitoy unumdor tuproqlarni tabiatning salbiy ta’siridan himoya qilishga yordam beruvchi ekologik loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha yetakchi davlatlardan biri hisoblanadi. Cho‘llanishga qarshi kurashish va ekotizimlarni tiklashda ham katta tajribaga ega. Xususan, so‘nggi 10 yilda “Uch shimol” loyihasi doirasida o‘rmonlar maydoni 33,3 million gektardan ortiqroqqa ko‘paydi. Mutaxassislar havo ifloslanishining oldini olish, xalqaro ekologik standartlarni belgilash, raqamlashtirish tizimini keng joriy etish, XXR tajribasini o‘rganish va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi mexanizmlarni ishlab chiqish muhimligini qayd etdi.

Bundan tashqari, cho‘l hududlarini obodonlashtirish, ko‘chat ekish bo‘yicha fermer xo‘jaliklarini tashkil qilish, shahar tizimida innovatsion texnologiyalarni o‘rnatish va oqava suvlarni tozalash bo‘yicha Xitoy tajribasini o‘rganish masalalariga ham e’tibor qaratilmoqda.

Ma’lumot o‘rnida shuni ta’kidlash lozimki, o‘tgan 2007 yil 3 noyabrda Xitoy Xalq Respublikasi Atrof-muhitni muhofaza qilish davlat boshqarmasi bilan o‘zaro anglashuv memorandumi imzolangan. 2019 yilda esa Orol dengizi xalqaro innovatsiya markazi (IIC) va Xitoy Fanlar akademiyasi (XIEG) qoshidagi Shinjon Ekologiya va geografiya instituti o‘rtasida Orol dengizi mintaqasida ilmiy hamkorlikni rivojlantirish borasida kelishuvga erishilgan.

Bugungi kunda Xitoy bilan Shanxay Hamkorlik Tashkiloti (SHHT) hamda Qor qoploni va uning ekotizimini saqlash bo‘yicha global dastur (GSLEP) kabi xalqaro platformalar doirasida hamkorlik qilinmoqda. Qolaversa, XXR bilan atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida hamkorlik to‘g‘risidagi Bitim loyihasi ishlab chiqilmoqda.

Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA