Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Nukus filialida Germaniya xalqaro hamkorlik tashkiloti (GIZ) vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Unda filial direktori A.Yesimbetov loyiha rahbari Beate Schoreit, tashkilotning Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi loyihalari koordinatori A.Qurbanov bilan suhbatlashdi.
Muloqot davomida Germaniya xalqaro hamkorlik tashkiloti (GIZ) tomonidan filial laboratoriyasi uchun taqdim etilgan 16 ta nomdagi 102 dona jihozning amaliyotga tatbiq etilganligi qayd etildi. Kelgusida yirik loyihalarni amalga oshirish, o‘qituvchilarning Germaniya ta’lim muassasalarida amaliyot o‘tashini yo‘lga qo‘yish, ushbu mamlakat tajribasini chuqur o‘rganish va joriy etish kabi muhim masalalar muhokama etildi.
Uchrashuvdan so‘ng mehmonlar filial laboratoriyasi faoliyati bilan tanishdi. Shu yerning o‘zida talabalar bilan ochiq muloqot olib borildi. Yoshlar laboratoriyada yaratilgan sharoitlardan mamnun ekanliklarini bildirdi va amaliy hamkorlik uchun mehmonlarga minnatdorlik izhor etdi.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri