O‘zbekiston – Xitoy: yangi yo‘nalishlarda aviaqatnovlar yo‘lga qo‘yilishi kutilmoqda

294

Turli davlatlar bilan aviaqatnovlar hajmini oshirish, parvozlar geografiyasini kengaytirish, yangi havo koridorlarini ochish mamlakat iqtisodiyotida muhim omil sanaladi.

O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi, Fuqaro aviatsiyasi agentligi, “O‘zaeronavigatsiya” markazi DUK rahbar va mutaxassislaridan tashkil topgan ishchi guruh Xitoy aviakompaniyalarini O‘zbekiston aviatashuvlar bozoriga jalb etish hamda 2023 yilda O‘zbekistonda tashkil etilgan yangi rezident aviakompaniyalarning Xitoy aviatashuvlar bozorida ishtirokini ta’minlash yuzasidan Xitoy aviatsiya ma’muriyati bilan muzokaralar o‘tkazmoqda.

Muzokaralarning birinchi bosqichidan olingan xulosaga ko‘ra, bahor-yoz mavsumidan Toshkent – Pekin, Toshkent – Siyan hamda Toshkent – Chendu yo‘nalishlariga qo‘shimcha ravishda Urumchi – Samarqand, Toshkent – Shanxay, Toshkent – Xaynan, Toshkent – Sanya va Toshkent – Xanchjou kabi yangi yo‘nalishlarda muntazam aviaqatnovlar yo‘lga qo‘yilishi kutilmoqda, deyiladi Transport vazirligi ma’lumotida.

Shuningdek, O‘zbekistonning “Qanot Sharq” hamda “Centrum Air” rezident aviakompaniyalari Xitoy Xalq Respublikasiga muntazam parvozlarni amalga oshirish uchun xorij tomonining talabiga muvofiq sertifikatsiyadan o‘tish jarayonini yakunlab, tegishli ekspluatatsiya ruxsatnomasini olganidan so‘ng yangi tashkil etilgan aviakompaniyalar orasida birinchilardan bo‘lib Xitoyga muntazam parvozlarni yo‘lga qo‘yishi mumkin.

Abdulaziz RUSTAMOV, O‘zA