Senat Raisi: jipslashishimiz, samaraliroq mehnat qilishimiz har qachongidan muhimroq

248

Parlament yuqori palatasi yalpi majlisida Senat Raisi Tanzila Norboyeva bugungi murakkab davrda mamlakatimizda mustahkam, barqaror va hech kimga qaram bo‘lmaydigan iqtisodni rivojlantirishga qaratilgan tom ma’nodagi mustaqil siyosat olib borilayotganini qayd etdi.

– Davlatimiz rahbari boshchiligida amalga oshirilayotgan bu ishlar xalqimiz tomonidan to‘liq qo‘llab-quvvatlayotganining guvohi bo‘lmoqdamiz, – dedi T.Norboyeva. – Bunday sharoitda barchamiz jipslashishimiz, xalqimizning hayotdan rozi bo‘lib yashashi uchun yakdillik bilan, samarali mehnat qilishimiz har qachongidan muhimroq hisoblanadi.

Majlisda yoshlar bilan ishlash, ta’lim sohasi, tadbirkorlik, ijtimoiy ko‘mak va boshqa sohalarda yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash yangi darajaga olib chiqilgani, joriy yil – “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili”da esa bu boradagi ishlar yanada rivojlantirilish zarurligiga e’tibor qaratildi.

Senatorlarning ish faoliyati bevosita joylarda amalga oshishi kerakligi alohida ta’kidlandi. Qonunchilik takliflarini kiritishga oid Konstitutsiyada belgilangan vakolatdan samarali foydalanish zarur. Xususan, Mehnat migratsiyasini tartibga solish hamda voyaga yetmaganlarga nisbatan zo‘ravonlik bilan bog‘liq jinoyatlarning oldini olishga qaratilgan qonun loyihalarini ishlab chiqish bo‘yicha boshlangan ishlar oxiriga yetkazilishi kerak.

“Bolalarni ularning sog‘lig‘iga zarar yetkazuvchi axborotdan himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunni takomillashtirish yuzasidan ham takliflar tayyorlanadi.

Umuman olganda, barcha qo‘mitalar tegishli sohalarga oid qonunchilikni takomillashtirish yuzasidan takliflarni o‘z faoliyati samaradorligining asosiy ko‘rsatkichi sifatida qarashi kerak.

Hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash kabi qator muhim masalalarni o‘rganish, bu borada ijro organlariga ko‘maklashish ishlari faol davom ettiriladi va yanada kuchaytiriladi.

Hukumat bilan birgalikda yashirin iqtisodiyotni qisqartirish, xususan, legal bandlik darajasini oshirish, investitsiya, eksport va xalqaro hamkorlik, turizm va madaniyat, mahallalardagi “yettilik tizimi” faoliyatini yangi yondashuvlar asosida tashkil etish masalalariga alohida e’tibor qaratiladi.

Mahalliy kengashlar faoliyatiga oid qonunchilikni takomillashtirish choralari ko‘riladi, hududlarda vakillik va ijro hokimiyatining bo‘linishi bo‘yicha huquqiy baza yaratiladi. Mahalliy kengashlarni tom ma’noda “xalqning chinakam ovoziga aylantirish” bo‘yicha besh yilga mo‘ljallangan konsepsiya ishlab chiqiladi.

Oliy ta’lim, sog‘liqni saqlash, kapital qurilish, davlat xaridlari sohalarida “Korrupsiyasiz soha” loyihasi ijrosi nazorati yanada kuchaytiriladi. Ushbu sohalarda “korrupsiyasiz soha” loyihasini amalga oshirish bo‘yicha 2024-2025 yillarga mo‘ljallangan “Yo‘l xaritasi” qabul qilinadi.

Shu kabi bir qator ustuvor yo‘nalishlardan kelib chiqib, Senatning joriy yil birinchi yarmiga mo‘ljallangan ish rejasi loyihasi tayyorlandi. Unda xususan, amaldagi 5 ta qonun, “Obod qishloq”, “Obod mahalla”, “Yashil makon” kabi dasturlarning hududlar, soha va tarmoqlardagi ijrosi, xizmatlar sohasini yanada rivojlantirish, farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish, barqaror rivojlantirish sohasida milliy maqsad va vazifalarning amalga oshirilishi, yoshlar, xotin-qizlar masalalariga oid dolzarb yo‘nalishlarda o‘rganishlar olib borish va boshqa bir qator muhim masalalarga oid 130 dan ziyod vazifa belgilangan.

Norgul Abduraimova, O‘zA