Janubiy Koreyaning Kanvon shahrida IV qishki o‘smirlar Olimpiya o‘yinlarining tantanali ochilish marosimida O‘zbekiston bayrog‘i sarbaland bo‘ldi.

Dunyoning 70 dan ziyod davlat sport delegatsiyalari qatori O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari Rauan Raimqulov va Sabina Rejepova tantanali tadbirda yurtimiz bayrog‘ini olib o‘tdi.

IV qishki o‘smirlar Olimpiya o‘yinlarining tog‘ chang‘isi bahslarida Vatanimiz sharafini himoya qiladigan sportchilarimiz 21 yanvar kuni supergigant dasturidagi bahslarda ishtiroki bilan musobaqani boshlaydi.

Shundan so‘ng, sportchilarimiz 22 yanvarda supergigant va slalomdan iborat kombinatsiya musobaqalarida qatnashsa, Sabina Rejepova (gigant slalom) 23 yanvar, Rauan Raimqulov (gigant slalom) 24 yanvar kuni qit’a o‘yinlarida medallar uchun kurash olib boradi.

Eslatib o‘tamiz, IV qishki o‘smirlar Olimpiya o‘yinlarida sportchilar 15 ta sport turining 81 ta medallar jamlanmasi uchun kurash olib boradi. Olimpiya o‘yinlari 2 fevralga qadar davom etadi.

T.Ro‘ziyev, O‘zA