Niderlandiya fuqarolari hukumatning Isroilni qo‘llab-quvvatlayotganidan noroziligini bildirib namoyish o‘tkazmoqda, deb xabar beradi “Anadolu” axborot agentligi.
Niderlandiyaning turli shaharlaridagi yirik temir yo‘l vokzallarida Falastinni qo‘llab-quvatlash uchun o‘tirgan holda namoyishlar bo‘lib o‘tdi.
Utrextdagi vokzalda to‘plangan namoyishchilar Falastin bayroqlarini ko‘tarib, o‘t ochishni to‘xtatishga chaqirishdi.
Namoyishchilarning qo‘llarida “Bolalar va kasalxonalarni bombardimon qilishni bas qiling”, “Falastinga ozodlik” va “Hoziroq o‘t ochishni to‘xtating”, “G‘azo yig‘lamaydi, Falastin hech qachon o‘lmaydi” kabi shiorlarni ko‘rish mumkin.
Asli yahudiy bo‘lgan Gus Outjers G‘azoda sodir bo‘layotgan voqealar dahshatli ekanini ta’kidlar ekan, “Azoblarning cheki yo‘q. Biz bu dahshatli suratlarni har kuni ko‘rayapmiz”- degan.
Outjers gapini quyidagi so‘zlar bilan davom ettiradi: “Men o‘z xalqim nomidan boshqa xalqni butunlay yo‘q qilish kerakligini aytishni dahshatli hodisa deb bilaman. Bu 100 yildan ortiq vaqtdan beri sodir bo‘lmoqda va endi buni to‘xtatish kerak”
G‘arb davlatlari Isroil hujumini to‘xtata olmasligiga e’tibor qaratgan Outjers: “Gollandiya kuzatmoqda, Germaniya kuzatmoqda, AQSH kuzatmoqda. Ularning bu harakatini, urushni to‘xtishni xohlamayapti deb tushunish kerak. Shunday ekan, bu fojeani faqat birgalikda to‘xtata olamiz”.