Germaniyaning afsonaviy futbolchisi Frans Bekkenbauer 78 yoshida olamdan o‘tdi va u bilan vidolashish uchun “Bavariya” futbol klubi stadioniga 20 ming odam keldi. Shuningdek, marosimda mamlakat prezidenti Frank-Valter Shtaynmayer va Germaniya kansleri Olaf Shols ham ishtirok etgan.
“Biz jahon miqyosidagi futbolchi bilan shunchaki xayrlashayotganimiz yo‘q. Biz buyuk inson bilan xayrlashmoqdamiz. Bekkenbuer o‘rnak oladigan darajada namunaviy inson edi, u bilan bog‘liq baxtli voqealarimiz ko‘p bo‘lgan”, – deya ta’kidlagan Shtaynmayer o‘z nutqida.
Germaniya prezidenti 2006 yilda bo‘lib o‘tgan jahon chempionatini nazarda tutib gapirar ekan,“u bizga nafaqat go‘zal futboli bilan quvonch ulashdi, balki, o‘z vataniga boshqa davlatlarning do‘stona qarashini ham uyg‘ota bildi, biz buni aslo unutmaymiz”, – degan u qo‘shimcha qilib.
Marosimda Bavariya bosh vaziri Markus Zyoder, “Bavariya” futbol klubi prezidenti Gerbert Xayner, Germaniya terma jamoasining hozirgi va sobiq o‘yinchilari, murabbiylar, Bundesliga, FIFA va UEFA prezidentlari ham ishtirok etishgan.
Ma’lumot o‘rnida aytish joiz: Bekkenbauer futbol tarixidagi eng yaxshi himoyachilardan biri edi. U faoliyatining asosiy qismini “Bavariya”da o‘tkazdi. Bundesligada 400 dan ortiq, Germaniya terma jamoasi tarkibida 100 dan ortiq o‘yin o‘tkazgan. Bekkenbauer ikki marta FIFA Jahon kubogini qo‘lga kiritgan. Birinchi marta 1974 yilda futbolchi sifatida, ikkinchi marta 1990 yilda murabbiy sifatida. Bundan tashqari, u ikki marta “Oltin to‘p” va uch marta Yevropa kubogi sovrindori bo‘lgan.
Frans Bekkenbauer Germaniyada to‘rt marta “Yilning eng yaxshi futbolchisi” deb topilgan. U 1994 yildan 2009 yilgacha “Bavariya” futbol klubi prezidenti bo‘lgan. 2006 yilda Germaniyada bo‘lib o‘tgan futbol bo‘yicha Jahon chempionati tashkiliy qo‘mita rahbari sifatida ham faoliyat yuritgan.