BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish xalqaro institutlarni isloh qilishga chaqirdi. Bosh kotibning ta’kidlashicha, ular zamonaviy dunyodagi muammolarni hal qila oladigan bo‘lishi kerak.
«BMT Xavfsizlik kengashidan to Bretton-Vuds tizimigacha global boshqaruv bilan shug‘ullanayotgan institutlar bundan 80 yil avval tashkil etilgan. Biz bobolarimiz uchun ishlab chiqilgan tizimlar yordamida nevaralarimiz kelajagini qura olmaymiz», — dedi u chorshanba kuni Davos anjumanida so‘zga chiqib.
***
Finlyandiya saylovchilari davlat rahbarini saylash uchun muddatidan avval ovoz berishni boshladi, deb xabar tarqatdi “Euronews”.
Saylovning birinchi bosqichi 28 yanvarda bo‘lib o‘tadi.
Davlat rahbarligi uchun 9 nomzod kurashga kirishgan, nomzodlardan birortasi ham 50 foizdan ko‘p ovoz ololmasa, ovoz berishning ikkinchi bosqichi bo‘lib o‘tadi.
***
Shri-Lankada yanvardan buyon “denge” bezgagi bilan bog‘liq besh mingdan ortiq holat qayd etildi, deb xabar tarqatdi mamlakatning Xastalikka qarshi kurash milliy boshqarmasi.
O‘tgan yili ushbu davlatda 88 ming 398 kishi “denge” bezgagiga uchragan va 57 kishi qurbon bo‘lgan. “Denge” bezgagini chivinlar tarqatadi.
***
Gretsiya bosh vaziri Kiriakos Mitsotakis Yevroittifoq 1 fevralgacha Ukrainaga 50 milliard yevro ajratish qarorini ma’qullashiga ishonch bildirdi. Uning fikricha, agar zarurat tug‘ilsa, mazkur qarorni 26 mamlakat Vengriya pozitsiyasini aylanib o‘tib bo‘lsada ma’qullaydi.
“Shunday bo‘lishiga ishonchim komil. Mazkur qaror 1 fevralgacha qabul qilinishi kerak degan tushuncha Yevropa kengashi darajasida ko‘rib chiqilmoqda”, degan u Davos forumida.
***
Qozog‘iston hukumati 2024 yil 1 martdan boshlab butun mamlakatda yagona vaqt tizimini joriy qiladi. Bu haqda mamlakat savdo va integratsiya vazirligi matbuot xizmati xabar tarqatgan.
Ushbu qarorga binoan, Ostana, Olma-Ota, Shimkent shaharlarida hamda Oqmala, Almati, Jambil, Qarag‘anda, Ko‘stanay, Pavlodar, Shimoliy-Qozog‘iston, Turkiston, Sharqiy-Qozog‘iston, Abay, Jettisuv va Ulitov viloyatlarida 2024 yil 29 fevraldan 2024 yil 1 martga o‘tar kechasi mahalliy vaqt bir soat ortga surilishi kerak bo‘ladi.
***
Kiyev shahar kengashi poytaxtdagi rus yozuvchilari nomi berilgan beshta kutubxona nomini yangiladi, deb xabar tarqatdi “Ukrinform” axborot agentligi.
Xabarda aytilishicha, Konstantin Simonov, Vladimir Mayakovskiy, Maksim Gorkiy, Volodiy Dubinin va Nikolay Chernishevskiy nomidagi kutubxonalar enda ukraincha nom bilan ataladigan bo‘ldi.
***
Indoneziyadagi “Indikator Politik” tahliliy markazi o‘tkazgan so‘rov natijalariga ko‘ra, mamlakat prezidentligi uchun bo‘ladigan saylovda mudofaa vaziri Prabovo Subianto imkoniyati boshqa nomzodlardan yuqori.
Saylov 14 fevralda bo‘lib o‘tadi.
So‘rov natijalariga ko‘ra, raqiblardan ancha oldinga o‘tib ketganiga qaramay, Prabovo Subianto g‘alaba uchun zarur bo‘lgan 50 foizlik ovozni birinchi turda ololmaydi, deyiladi xabarda.
Agar nomzodlardan birortasi ham 50 foizlik to‘siqdan o‘ta olmasa, 26 iyunda ovoz berishning ikkinchi davrasi bo‘lib o‘tadi.
***
AQSH Eronning yadro quroliga ega bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaydi. Agar diplomatiya orqali bunga erishib bo‘lmasa, boshqa yo‘llari ham bor, deb bayonot berdi Oq uy milliy xavfsizlik kengashining strategik aloqalarni muvofiqlashtiruvchi vakili Jon Kirbi.
“Biz ushbu maqsadimizga diplomatiya orqali erishishni ma’qul ko‘ramiz, lekin ko‘rinib turibdiki, yaqin orada bunday bo‘lmaydi. Shunday ekan, boshqa yo‘llar bilan, masalan, harbiy yo‘l bilan hal qilish choralarini ko‘ramiz”, – degan Kirbi OAV vakillariga bergan intervyusida.
Saidmurod Rahimov tayyorladi, O‘zA