Payshanba kuni Chexiya parlamentida “Ozodlik va demokratiya” muxolifat harakatining yetakchisi Tomio Okamura 10 soatu 44 daqiqa ma’ruza o‘qidi. Bu bilan u ma’ruza o‘qish bo‘yicha bir vaqtlar rekord o‘rnatgan Kuba rahbari Fidel Kastroni ham ortda qoldirgan.
“O‘shanda Fidel Kastro mamlakat parlamentida so‘zga chiqqanida 7 soatu 15 daqiqa gapirgan edi”, deb yozmoqda “Idnes” nashri.
“Okamura hamkasblariga ma’ruza o‘qishda avvalgi yilgi rekordini yangilash niyatini oldindan ma’lum qilgan. O‘shanda siyosatchi 7 soatu 7 daqiqa nutq so‘zlagan edi. Bu galgi chiqishida nafaqat o‘zining, balki Fidel Kastroning 1998 yil fevralda o‘rnatgan rekordini ham yangiladi”, – deyiladi xabarda.
Ma’ruzani boshlagandan keyin to‘rt soat o‘tgach Okamura majlis raisidan kamzulini yechib qo‘ymoqchiligini aytgan, yana ikki soat o‘tgandan keyin imo-ishora bilan qahva keltirishni so‘ragan, lekin unga bir stakan suv keltirishgan xolos.
Chexiyada partiya yetakchilarining parlamentda chiqishi vaqt bilan chegaralanmagan.