Davlat boshqaruvi akademiyasida “Salohiyatli kadrlar rezervi”ga kiritilgan 100 nafar yoshlar yetakchisi uchun maxsus o‘quv-amaliy seminar tashkil etildi.

Unda yetakchilarning ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy-huquqiy, ma’naviy-ma’rifiy sohadagi bilimlari oshirildi, shaxsiy va boshqaruv ko‘nikmalarini rivojlantirishga qaratilgan saboqlar berildi.

Seminarda vazirlik va idoralarning rahbarlari bilan amaliyotdagi muammolar va ularning yechimlari yuzasidan muloqot o‘tkazildi. Yoshlarning shaxsiy va boshqaruv ko‘nikmalarini rivojlantirish bo‘yicha treninglar tashkil etildi.

O‘quv yakunida test sinovi, ijtimoiy-psixologik diagnostika va suhbat o‘tkazildi. Kadrlarning natijalari tahlil qilinib, reytingi shakllantirildi.

Seminarning yopilish marosimida yoshlar yetakchilariga maxsus sertfikatlar topshirildi. Ularga shaxsiy rivojlanishlariga alohida e’tibor qaratish, mahallalardagi hamkasblari bilan yaqindan ishlash, muntazam kitob mutolaasi bilan shug‘ullanish bo‘yicha tavsiyalar berildi.

Maxsus o‘quv-amaliy seminar yakuni bo‘yicha yuqori natijalarga erishgan yoshlar yetakchilari endilikda tuman (shahar) va hudud darajasidagi rahbarlik lavozimlariga tavsiya etib boriladi.

N.Abduraimova, O‘zA