“O‘zbekistonga sayyohatga yo‘l olgan har bir kishi bu mumlakatning qadimiy osori atiqalari, takrorlanmas go‘zal tabiati va o‘zining milliy urf-odatlari va an’analari bilan ajralib turuvchi diyorni kashf etadi” deya ta’rif beradi BAAning nufuzli “Al-Bayan” nashri.
Maqolada Toshkent, Xiva, Samarqand, Buxoro shaharlari tarixi va jozibasi batafsil ochib berilgan. Shuningdek, yurtimizdan chiqqan buyuk alloma va mutafakkirlar hayoti, ularning ilmiy merosi haqida alohida ta’kidlangan.
“Toshkent shahri o‘zining go‘zalligi, yashillikka burkangan bog‘lari bilan ajralib turadi. Poytaxt gavhari bo‘lmish Hazrati imom majmuasi, Mo‘yi Muborak madrasasi, Kaffol Shoshiy maqbarasi, Baroqxon madrasasi, Tillashayx masjidi va Imom Al-Buxoriy islom instituti joylashgan zaminda sokinlik huzurini his qiladi inson. Shuningdek, Islom sivilizatsiyasi markazi, O‘zbekiston Musulmonlari idorasi ham har qanday sayohatchini islom tamadduni bilan yuzlashtiradi” deyiladi maqolada.
Shuningdek, maqolada 2750 yildan ortiq tarixga ega Samarqand shahridagi tarixiy obidalar: Registon majmuasi, Go‘ri Amir maqbarasi, Shohi Zinda ziyoratgohi, Ulug‘bek rasadxonasi va Bibixonim masjidi kabi joylar sehrli maskanga yetaklovchi ostonaga tenglashtirilgan.
Maqola muallifi Xorazm zaminining durdonasi sanalgan, hamon go‘zal va navqiron Xivada joylashgan Muhammad Aminxon, Qutlug‘murod inoq madrasalari, Islomxo‘ja minorasi, Kaltaminor, Pahlavon Mahmud maqbarasi, Toshhovli singari obidalar Xorazm me’morchilik maktabining o‘ziga xos namunalari sifatida ta’riflaydi.
Buyuk ipak yo‘li chorrahasida joylashgan sharqning mashhur qadimiy shaharlaridan biri – Buxoro o‘zgacha hayrat bilan ta’riflangan. Islom hamkorlik tashkiloti madaniyat vazirlarining 9-anjumani qaroriga ko‘ra, 2020 yilda Buxoro Islom madaniyati poytaxti sifatida e’lon qilinishi ulkan tarixiy-madaniy va siyosiy voqea ekani, Buxoroi sharif xaqiqatan ham bunday sharafga munosibligi faxr bilan tilga olingan.
Shuningdek, Imom Buxoriy, Muso al-Xorazmiy, Ahmad Farg‘oniy, Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali ibn Sino, Abu Muin Nasafiy, Abdulholiq G‘ijduvoniy, Najmiddin Kubro, Bahouddin Naqshband, Xo‘ja Ahror Valiy kabi buyuk allomalar va mutafakkirlarning islom sivilizatsiyasiga qo‘shgan hissasi yuqori baholangan.
Muharrama Pirmatova, O‘zA