Singapur prokuraturasi mamlakat transport vaziri Subramaniam Isvaranni korrupsiyada rasman aybladi. Buni nimasi qiziq deysizmi? Qiziq tomoni bu Singapurda so‘nggi 40 yil ichidagi vazir bilan bog‘liq birinchi korrupsiya ishi hisoblanadi.
Vazirga korrupsiya, davlat xizmatchisi sifatida qimmatbaho buyumlar olish va adolat ta’minlanishiga to‘sqinlik qilish kabi jami 27 ta ayblov qo‘yilgan.
Singapurda so‘nggi marta 1986 yilda vazir korrupsiya bo‘yicha tergov qilingan edi. O‘shanda milliy taraqqiyot vaziri Te Cheang Van gumonlanuvchi sifatida jalb qilingan va ayblov qo‘yilishidan avval o‘z joniga qasd qilgan.
Ma’lumot uchun ushbu mamlakatda vazirlarning o‘rtacha yillik maoshi taxminan 834 ming dollarni tashkil qiladi. Bunday yuqori maoshlar amaldorlarni pora olishdan qaytaradi. Transparency International tashkilotining indeksida Singapur korrupsiya bo‘yicha eng past ko‘rsatkichli mamlakatlar orasida dunyoda beshinchi o‘rinni egallaydi.
Shahnoza Toshtemirova, O‘zA