Oq uy ma’muriyatini vaqtinchalik moliyalashtirish martgacha uzaytirildi. Nega yil oxirigacha emas? Kongressda yillik byudjet borasida birlik yo‘qligi aytilmoqda.
Kongress AQSH ma’muriyati uchun vaqtinchalik yordam to‘g‘risidagi qonun loyihasini ma’qulladi. Endi uni mamlakat prezidenti Jo Bayden imzolashi kerak.
AQSH byudjetining qariyb beshdan bir qismini tashkil etuvchi mudofaa, faxriylar, qishloq xo‘jaligi va transport sohalariga hukumat tomonidan ajratiladigan joriy mablag‘ oxirgi marta 20 yanvargacha davom etishiga kelishilgan edi.
Boshqa sohalar, jumladan, tashqi siyosat, savdo, ish o‘rinlari va sog‘liqni saqlash sohalaridagi xarajatlar uchun mablag‘ 2 fevralga qadar ajratilishi belgilangan. Bu safar Kongress ushbu muddatlarni negadir 8 martga qadar ko‘chirish uchun ovoz berdi.
AQSH ma’muriyati faoliyatining ayrim yo‘nalishlarini moliyalashtirish bo‘yicha vaqtinchalik chora-tadbirlar uchinchi marta uzaytirildi. Kongressdagi respublikachilar va demokratlar yil oxirigacha moliyalashtirishni 2023 yil sentyabridan beri kelisha olmayapti.
Falastinning Xamas tashkilotiga qarshi harbiy operatsiya o‘tkazayotgan Isroilga va yangi harbiy yordam ajratilishi kerak bo‘lgan Ukraina muammosi bu masalani hal qilishga to‘siq bo‘lmoqda. Shuningdek, Kongressda Meksikadan noqonuniy migratsiyaga qarshi kurashish uchun byudjet mablag‘larini ajratish borasida ham birlik yo‘q.
AQSH prezidenti Jo Bayden 17 yanvar kuni Kongressning qator qo‘mitalari rahbariyati bilan uchrashuvda shu masalalarni muhokama qildi. Ukrainani qo‘llab-quvvatlashni davom ettirish zarurligi haqida gapirar ekan, u Kongressning bu sohada harakat qilmasligi AQSH, NATO va boshqa mamlakatlarning milliy xavfsizligiga tahdid solayotganini aytgan.