Bugun O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining qirq to‘qqizinchi yalpi majlisi bo‘lib o‘tmoqda, unda Senatorlar dronlardan noqonuniy foydalanganlik uchun jazoni yengillashtiruvchi qonunni ma’qulladi.

Xususan, ma’muriy huquqbuzarlik natijasida aniqlangan uchuvchisiz uchadigan apparatlar davlat hisobiga musodara qilinishi, qonunga xilof ravishda harakatlarni sodir etgan shaxs, agar u uchuvchisiz uchadigan apparatlarni, ularning butlovchi va ehtiyot qismlarini o‘z ixtiyori bilan topshirsa, javobgarlikdan ozod qilinishi hamda ushbu toifadagi ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlar jinoyat ishlari bo‘yicha sudlar tomonidan ko‘rib chiqilishi belgilanmoqda.

Shuningdek, Jinoyat kodeksining 244-4-moddasida belgilangan sanksiyalarga muqobil jarima, axloq tuzatish ishlari, ozodlikni cheklash kabi jazo turlari kiritilmoqda, ya’ni shunday harakatlar uchun ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin sodir etilgan bo‘lsa, jinoiy javobgarlik nazarda tutilmoqda.

Amaldagi qonunchilikka binoan bunday harakatlarni sodir etganlik uchun faqat jinoiy javobgarlik nazarda tutilgan edi.  Ya’ni 3 yildan 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish  jazosi belgilangan edi.

Senatorlarning fikricha bu qonun jamiyatimizda ushbu turdagi jinoyatlar ko‘payishini oldini olishga xizmat qiladi.

 

Nozimbek Mardonov, O‘zA