Uchuvchisiz uchadigan apparatlardan noqonuniy foydalanganlik uchun javobgarlik yengillashadi

230

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga uchuvchisiz uchadigan apparatlarni, ularning butlovchi va ehtiyot qismlarini qonunga xilof ravishda olib kirish, o‘tkazish, olish, saqlash yoki ulardan foydalanish bilan bog‘liq ma’muriy javobgarlikni nazarda tutuvchi yangi norma kiritilmoqda.

Bu Senatning qirq to‘qqizinchi yalpi majlisida ma’qullangan “Ayrim toifadagi jinoiy qilmishlar uchun javobgarlik liberallashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga hamda O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonunda aks etgan.

Ma’muriy huquqbuzarlik natijasida aniqlangan uchuvchisiz uchadigan apparatlar davlat hisobiga musodara qilinishi, qonunga xilof ravishda harakatlarni sodir etgan shaxs, agar u uchuvchisiz uchadigan apparatlarni, ularning butlovchi va ehtiyot qismlarini o‘z ixtiyori bilan topshirsa, javobgarlikdan ozod qilinishi mumkin.

Ushbu toifadagi ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlar jinoyat ishlari bo‘yicha sudlar tomonidan ko‘rib chiqilishi ham qonunda belgilab qo‘yilgan.

Jinoyat kodeksining 244-4-moddasida belgilangan sanksiyalarga muqobil jarima, axloq tuzatish ishlari, ozodlikni cheklash kabi jazo turlari kiritilmoqda. Ya’ni, shunday harakatlar uchun ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin sodir etilgan bo‘lsa, jinoiy javobgarlik nazarda tutilmoqda.

Qonunning amaliyotga tatbiq etilishi qonunga xilof ravishda ushbu qilmishni birinchi marotaba sodir etgan shaxslar uchun jinoiy javobgarlik emas, balki ma’muriy javobgarlik qo‘llanilishiga asos yaratadi. Bu, o‘z navbatida, jamiyatimizda ushbu turdagi jinoyatlar ko‘payishining oldini olishga xizmat qiladi.

 

N.Abduraimova,  

O‘zA