2023 yilda mamlakatimizda sanitariya-epidemiologik osoyishtalikni ta’minlash borasida qanday ishlar amalga oshirildi?

311

AOKAda o‘tkazilgan brifingda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi axborot xizmati rahbari Maftuna Saidova 2023 yilda mamlakatimizda sanitariya-epidemiologiya yo‘nalishida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan ma’lumot berdi.

– O‘tgan yillar davomida xalqaro tashkilotlar talablaridan kelib chiqib, 40 ta sanitariya qoida va me’yorlari yangi tahrirda qabul qilingan bo‘lsa, 2023 yilning o‘zida 14 ta sanitariya qoida va me’yorlari yangi tahrirda qabul qilindi va xalqaro andozalarga moslashtirildi, – dedi Maftuna Saidova. – Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori bilan Qo‘mita huzurida Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi sohasida kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish markazi tashkil etildi. Markazda o‘tgan yilda 417 ta mutaxassis malaka oshirdi va qayta tayyorlovdan o‘tdi. Markaz Niderlandiya, AQSH, Koreya, Malayziya, Germaniya, Rossiya kabi davlatlardagi oliy ta’lim muassasalari va ilmiy tashkilotlar bilan hamkorlik aloqalari o‘rnatdi.

Shuningdek, 2023 yilda AQSH kasalliklarni nazorat qilish va oldini olish markazlari (CDC)  bilan birgalikda amaliy epidemiologiya (FETP) dasturi doirasida “Epidemiologiya asoslarini o‘qitish” bo‘yicha kurslarda 20 nafar mutaxassis malakasini oshirib, epidemiologiya sohasidagi ilg‘or tadqiqot uslublarini amaliyotga qo‘llash ko‘nikmalariga ega bo‘ldi.

Yosh kadrlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida oliy ta’lim muassalarining 456 nafar bitiruvchisi ishga qabul qilindi hamda “ustoz-shogird” tamoyili asosida ularga malakali va tajribali mutaxassislar biriktirildi.

Yuqumli kasalliklarning mamlakatimiz hududiga kirib kelishi va tarqalish xavfining oldini olish bo‘yicha profilaktik tadbirlar yanada takomillashtirildi.

Yil davomida oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksporti bilan shug‘ullanadigan 1788 ta eksportyor korxonalar ro‘yxati shakllantirildi. Ularga 1452 nafar qo‘mita xodimlari biriktirilib, eksportyor korxonalarda monitoring o‘tkazildi. Ularning muammolari o‘rganildi hamda ko‘maklashildi.

Chetdan olib kelinadigan import mahsulotlarga sanitariya-epidemiologik xulosalar rasmiylashtirish jarayoni 30 foizgacha qisqartirildi.

Soha rivoji va moddiy-texnik bazasini mustahkamlash uchun qariyb 243 yarim mln. dollarlik 5 ta investitsiya loyihalari amalga oshirilmoqda.

Ta’kidlanishicha, Qo‘mita qoshida tashkil etilgan Milliy referens laboratoriya va 21 ta tarkibiy muassasa laboratoriyalar xalqaro akkreditatsiyadan o‘tkazilib, ular tomonidan o‘tkazilgan xavfsizlik ko‘rsatkichlari bo‘yicha tahlil natijalari oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksporti jarayonlarida dunyo mamlakatlarida tan olinishiga erishilmoqda. Bunday tizimli ishlarni joriy yilda ham davom ettirish rejalashtirilgan.

 

Mohigul Qosimova, O‘zA