Delegatlar Shahidlar xotirasi xiyoboniga tashrif buyurdi

FOTOREPORTAJ
O‘zbekiston mahallalari uyushmasining ta’sis konferensiyasi doirasida delegatlar poytaxtimizdagi Shahidlar xotirasi xiyoboniga tashrif buyurdi.
Ta’kidlash joiz, kuni kecha ish boshlagan “O‘zbekiston mahallalari uyushmasi faoliyatini yo‘lga qo‘yish va mahallalarda boshqaruv tizimini takomillashtirish” mavzusida mazkur ta’sis konferensiyaning birinchi kunida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi T. Norboyeva, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi, Respublika mahallani qo‘llab-quvvatlash kengashi raisining birinchi o‘rinbosari G‘. Mirzayev, vazirlik va idoralar rahbarlari, hamkor tashkilotlar vakillari, shuningdek, viloyatlardan 140 nafar delegat ishtirok etdi. Unda O‘zbekiston mahallalari uyushmasini tuzish va uning hududiy bo‘linmalarini tashkil etish, uyushma Ustavi va Ramzini, hududiy bo‘linmalarining namunaviy nizomlarini tasdiqlash, uyushmaning Nazorat-taftish komissiyasi raisi va a’zolarini saylash, uyushma va uning hududiy bo‘linmalari hamda mahalla faollari oldida turgan ustuvor vazifalar to‘g‘risidagi masalalar muhokama qilindi.
Xiyobonga tashrif davomida ishtirokchilar hududdagi bunyodkorlik ishlarini ko‘zdan kechirib, Qatag‘on qurbonlarini yod etdi, “Qatag‘on qurbonlari xotirasi” muzeyida yaratilgan sharoitlar, tarixiy hujjatlar bilan tanishdi. Shu yerda mahalla raislariga qatag‘on qilingan katta salohiyatga ega yetakchilar, olimlar, adiblar, shifokorlar, o‘qituvchilar haqida batafsil so‘zlab berildi.
– Konferensiya doirasida Shahidlar xotirasi xiyobonida bo‘ldik, – deydi Nukus shahridagi Nuaqan bag‘ mahallasi raisi Zamira Aytboyeva. – Bu maskanda o‘ziga xos sokinlik va allaqanday g‘amginlik bor. Ko‘z o‘ngimda beixtiyor kitoblarda o‘qiganim va eshitganlarim jonlandi. Bu maskan yoshlar qalbida ma’naviy qadriyatlarga hurmat, ajdodlar ruhiga ehtirom tuyg‘ularini uyg‘otadi. Prezidentimiz ma’naviyat vakillari bilgan o‘tkazilgan muloqotda ta’kidlaganidek, bugun ma’naviyat boshqa sohalardan o‘n qadam oldinda yurishi, yangi kuchga, yangi harakatga aylanishi kerak. Bu borada fuqarolar yig‘inlari qoshidagi jamoatchilik komissiyalari faol bo‘lmog‘i lozim. Ma’naviy nuqtai nazardan “uxlab yotish”ga, loqayd bo‘lishga hech kimning haqqi yo‘q. Xiyobonda aylanar ekanmiz, ma’naviy yetuklik, ajdodlarga munosib bo‘lish mas’uliyati naqadar muhimligini qalbimizdan o‘tkazdik.
Kamola Yusupova,
Nosirjon Haydarov (surat), O‘zA