Xitoyning ilg‘or tajribasini joriy etish orqali O‘zbekistonning agrar sohadagi salohiyatini yuzaga chiqarish mumkin

298

Xitoy agrar sohani isloh qilishning o‘ziga xos yo‘lini tanlagan, qishloq xo‘jaligida ulkan yutuqlarga erishgan davlatlardan biri hisoblanadi. Xitoy Xalq Respublikasining iqtisodiy o‘sishi aynan qishloq xo‘jaligi bilan bog‘liq. Mazkur mamlakatning ilg‘or tajribasini joriy etish orqali O‘zbekistonning agrar sohadagi salohiyatini yuzaga chiqarish imkoniyati mavjud.

Mamlakatimiz qishloq xo‘jaligi  tizimida  Xitoy bilan amaliy muloqot, erishilayotgan natijalar hamda jalb qilinayotgan investitsiyalar ko‘lami tobora kengayib bormoqda.

Qishloq xo‘jaligi vazirligi matbuotining ma’lum qilishicha, o‘tgan 2021 yilda Xitoyga umumiy qiymati 102,2 million dollarlik 119,9 ming tonna meva-sabzavot yetkazib berilgan bo‘lsa, 2022 yilda 121,1 million dollarlik 146,8 ming tonna meva-sabzavot mahsulotlari eksport qilingan.  2023 yilda esa bu ko‘rsatkich yanada oshib, 183,4 million dollarlik 214 ming tonna meva-sabzavot va oziq-ovqat mahsulotlari Xitoyga yuborilgan. Bunda asosan mosh (94,5 million dollar), quritilgan olxo‘ri (7,6 million dollar), uzum (12 million dollar), gilos (308 ming dollar) va boshqalar o‘rin oldi.

2023 yil davomida Xitoydan umumiy qiymati 106,3 million dollarlik 104,5 ming tonna meva-sabzavot va oziq-ovqat mahsulotlari import qilinishiga erishilgan. Bunda asosan choy (31,3 million dollar), qandolat mahsulotlari (4,6 million dollar), mandarin (5,4 million dollar), nok (4,3 million dollar), tamaki mahsulotlari (9,7 million dollar), kungaboqar urug‘lari (27,2 million dollar), chorva ozuqasi (1,9 million dollar) tashkil etgan.

Bugunga qadar O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasida qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini eksport va import qilishda bir nechta hujjatlar va kelishuvlar imzolangan.

2020-2022 yilda umumiy qiymati 384,8 million dollarlik (203,83 million dollar o‘zlashtirilgan) 33 ta loyiha, hududiy investitsiya dasturi doirasida 21 ta loyiha amalga oshirilib, 45,8 million dollarlik Xitoy sarmoyasi jalb etilgan.

Qishloq xo‘jaligi yo‘nalishida O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi hamda Xitoyning “CITIC GROUP” kompaniyasi o‘rtasida tuzilgan memorandumga ko‘ra, 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan meva-sabzavot va chorvachilik qishloq xo‘jaligi klasterini yaratish bo‘yicha qiymati 15 million dollarlik loyihani amalga oshirish bo‘yicha ish olib borilmoqda.

O‘zbekistonlik soha vakillari chorvachilik, sholichilik kabi yo‘nalishlarda klasterlarni tashkillashtirish bo‘yicha ham Xitoy amaliyotini o‘rganish maqsadga muvofiq ekanligini qayd etgan. O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi vazirligi va Xitoyning Sholichilik ilmiy-tadqiqot instituti o‘rtasida “Qo‘shma sholi ilmiy markazi”ni ochish to‘g‘risida Memorandum imzolangan.

Bundan tashqari, Xitoy Xalq Respublikasi Qishloq xo‘jaligi fanlari akademiyasi tomonidan agrar soha uchun zaruriy laboratoriya jihozlari, qishloq xo‘jaligi texnikasi va agregatlari xarid qilish hamda qo‘shma biotexnologik ilmiy tajribalar o‘tkazish uchun 3,6 million dollar miqdorida moliyaviy mablag‘ ajratilgan bo‘lib, labaratoriya jihozlarining asosiy qismi O‘zbekiston tomoni tomonidan qabul qilib olingan.

Toshkent davlat agrar universiteti va “Peng Sheng” MCHJ QK Xaynan provinsiyasi xalqaro iqtisodiy rivojlanish byurosi bilan hamkorlikda O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining yangi turlarini yetishtirish maqsadida uch tomonlama hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan.

 

Muhayyo Toshqorayeva,  

O‘zA