Kuni kecha futbol muxlislari shiddatli va muhim uchrashuvlarga guvoh bo‘ldi. Kimdir Yevropa yashil maydonlarida kechgan bahslarni, kimdir Afrika va Osiyo qit’a birinchiligidagi guruh uchrashuvlarini katta qiziqish bilan tomosha qildi. O‘zbek futbol muxlislarini esa terma jamoamizning Osiyo kubogidagi ishonchli g‘alabasi quvontirgani bor gap.

Guruh bosqichining birinchi turida Suriyaga qarshi o‘yinda qayd etilgan durangdan so‘ng terma jamoamizga muxlislar ishonchi biroz pasaydi va tushkunlik kayfiyati ularni qamrab oldi. Ammo Suriya qanday kuchga ega ekanligi Avstraliyaga qarshi o‘yinda sezildi va ayrim muxlislar qayd etilgan durangga rozi bo‘la boshladi. Biroq futbolchilarimizning Hindistonni 3:0 hisobida yenggani barchamizga yana katta umid bag‘ishladi.

Umuman olganda Hindiston bilan o‘yinda terma jamoamiz a’zolari ancha erkin harakat qildi. Uchrashuvning 4-daqiqasida Sherzod Nasrullayevning jarima maydonchasiga oshirib bergan uzatmasidan keyin Otabek Shukurov havodagi kurashda ustun keldi va to‘pni Abbosbek Fayzullayevga oshirdi, u esa boshi bilan gol kiritdi.

Tezkor goldan 14 daqiqa o‘tib, A.Fayzullayevning uzatmasidan keyin to‘pga birinchi bo‘lib hujumchi Igor Sergeyev yetib keldi va hisobni 2:0 ko‘rinishiga olib keldi. Birinchi bo‘lim oxirida (45+4) O‘zbekiston uchinchi golni kiritdi – Farrux Sayfiyev o‘ng qanotdan oshirib bergan to‘pni himoyachi Sherzod Nasrullayev darvozaga aniq joylab qo‘ydi. Ikkinchi bo‘limda o‘yin tizgini terma jamoamiz qo‘lida bo‘ldi. Biroq hisob o‘zgarmay qoldi. Bellashuv davomida vakillarimiz xavfli vaziyatlar yaratish, zarbalar bo‘yicha ustunlik qildi.

“SofaScore“ sayti ushbu o‘yindan so‘ng futbolchilarni baholab chiqdi. Eng yuqori ballga bu yilgi Osiyo kubogida O‘zbekiston milliy terma jamoasining ilk goliga  mualliflik qilgan Abbosbek Fayzullayevni munosib deb topdi hamda uning harakatini 7.9 ball deya baholadi. Qayd etish lozim, Hindiston terma jamosi darvozasiga ikkinchi golni kiritgan Igor Sergeyev milliy terma jamoa safidagi gollari sonini 20 taga yetkazib oldi. Mazkur o‘yinni tomosha qilish uchun “Ahmad bin Ali” stadioniga 38 ming 491 nafar muxlis tashrif buyurdi.

Ma’lumot uchun, so‘nggi uchinchi turda O‘zbekiston – Avstraliya bilan guruh peshqadamligi uchun bahs olib borsa, Hindiston va Suriya uchinchi pog‘ona uchun kuch sinashadi. Ushbu uchrashuv 23 yanvar kuni soat 16:30 da bo‘lib o‘tadi.

Endi “B” guruhidagi vaziyat haqida va navbatdagi bosqichga chiqish borasida to‘xtalib o‘tamiz. Xabaringiz bor, musobaqa reglamentiga ko‘ra guruhlardagi eng kuchli ikkita jamoa, shuningdek, uchinchi o‘rinni egallagan to‘rtta eng yaxshi jamoa 1/8 finalga yo‘l oladi.

“B” guruhida ikkinchi turdagi o‘yinlar natijasidan so‘ng Avstraliya terma jamoasi 6 ochko bilan peshqadamlik qilmoqda. O‘zbekistonda esa 4 ochko mavjud va ular ikkinchi o‘rinda. Suriya 1 ochko bilan uchinchi va Hindiston ikki mag‘lubiyatdan keyin so‘nggi pog‘onada bormoqda. Biroq ushbu guruhda biror bir ochko to‘play olmagan Hindistonda ham oz bo‘lsada navbatdagi bosqichga chiqish imkoniyati bor.

Biz uchun esa eng oson yo‘li Avstraliyani so‘nggi turda yutish va guruh peshqadami sifatida keyingi bosqichga chiqish yoki hech bo‘lmaganda durang qayd etgan holda ikkinchi o‘rin sohibi sifatida 1/8 final bosqichiga yo‘l olishdir. Biroq kutilmaganda Avstraliyaga mag‘lub bo‘lsak ham imkoniyatimiz qoladi. Mag‘lub bo‘lgan taqdirimizda minimal hisobda, masalan 1:0 hisobida yengilsak, Suriya Hindistonni 4:0 hisobida yengib qo‘ymasa, ikkinchi o‘rinda qolishimiz aniq. Agarda kattaroq hisobda mag‘lub bo‘lsak, lekin ikkinchi juftlik uchrashuvlari durang yoki Hindiston g‘alabasi bilan tugasa ham pley-off bosqichiga chiqishimizga shubha qolmaydi. Shu tariqa, mag‘lub bo‘lgan taqdirimizda to‘plar nisbati, yana mavjud qoidalarga ko‘ra hisob-kitob qilinadi va kim navbatdagi bosqichga chiqishi aniq bo‘ladi.

Ma’lumot uchun, 1/8 final bosqichida “B” guruhidan birinchi o‘rinni egallagan jamoa 28 yanvar kuni “Jassim bin Hamad” stadionida “A”, “C” yoki “D” guruhida uchinchi o‘rindan joy olgan jamoa bilan chorak final yo‘llanmasi uchun raqobatlashadi.

“B” guruhida ikkinchi bo‘lib navbatdagi bosqichga yo‘l olgan jamoa 30 yanvar kuni “F” guruhida ikkinchi pog‘onadan o‘rin olgan terma jamoani “Al Janoub” stadionida sinovdan o‘tkazadi. Agarda “B” guruhida uchinchi o‘rinni egallab, nimchorak finalga chiqsa,“D” yoki “C” guruhlari g‘olibiga qarshi maydonga tushadi. Ushbu uchrashuvlar guruh vakiliga qarab 29 yoki 31 yanvar kuni bo‘lib o‘tadi.

Nima bo‘lganda ham 3-turda O‘zbekiston milliy terma jamoasi o‘z muxlislarini yaxshi natijalar bilan quvontiradi. Futbolda yengilmaydigan va yenga olmaydigan jamoalarning o‘zi yo‘q. Umid qilamizki, futbolchilarimiz ham Osiyo kubogida ulkan g‘alabalarga erishadi.

Darvoqe, kecha “S” guruhida ikkinchi tur doirasida Falastin va BAA terma jamoalari o‘zaro raqobatlashdi va 1:1 hisobida durang qayd etdi. Shu tariqa BAA ochkolar hisobini 4 taga, Falastin esa 1 taga yetkazib oldi.

Bugun, 19 yanvar kuni ushbu guruhda Gongkong – Eron terma jamoalari o‘zaro raqobatlashadi. Shuningdek, “D” guruhida Vetnam – Indoneziya, Iroq – Yaponiya termalari o‘rtasida o‘yin o‘tkaziladi.

Osiyo kubogi haqida yana bir qiziqarli ma’lumot: qit’amiz terma jamoalari kurashayotgan musobaqa bosh sovrinining qiymati 1 million AQSH dollariga teng. Kubok kumushdan yasalgan bo‘lib, uning og‘irligi 15 kilogrammni tashkil etadi. Bo‘yi 78 sm. va eni 42 sm.dan iborat kubok lotus guli shaklida angliyalik Tomas Layt tomonidan yaratilgan. Lotusning 5 ta gulbargi  Osiyoning 5 ta hududiy assotsiatsiyalarini bildiradi.

Kot-d’Ivuarda o‘tayotgan Afrika kubogida 2-tur o‘yinlari davom etmoqda. Turning markaziy uchrashuvida mezbonlar, Kot-d’Ivuar  terma jamoasi Nigeriyaga qarshi maydonga tushdi va 0:1 hisobida mag‘lub bo‘ldi. Misr va Gana termalari bahsi 2:2 hisobida yakunlandi. Yana bir uchrashuvda Ekvatorial Gvineya va Gvineya-Bisau terma jamoalari bahsi 4:2 hisobida yakunlandi. Musobaqa davom etmoqda.

Yevropa qit’asida klublar mamlakat kubogida o‘zaro raqobatlashmoqda. Jumladan, Ispaniya kubogi nimchorak finalidan o‘rin olgan “Unionistas” – “Barselona” uchrashuvida kataloniyaliklar 1:3 hisobida g‘alaba qozondi va chorak finalga yo‘l oldi. Mazkur bosqichning markaziy uchrashuvida Madrid shahrining “Atletiko” va “Real” klublari o‘zaro raqobatlashdi va unda “Atletiko” 4:2 hisobida zafar quchdi. Shu tariqa, “Atletiko” Ispaniya kubogi chorak finaliga yo‘l oldi.

Italiya superkubogining yarim finalidan o‘rin olgan “Napoli”–“Fiorentina” jamoalari bahsida neapolliklar yirik 3:0 hisobida g‘alaba qozondi. Ushbu g‘alabadan so‘ng, “Napoli” finalga yo‘l oldi. Bugun tunda ushbu musobaqaning ikkinchi yarim final bahslari bo‘lib o‘tadi. Unda “Inter” – “Latsio” klublari o‘zaro to‘qnash keladi.

 

Javohir Toshxo‘jayev,  

O‘zA