Yoshlar ishlari agentligi Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasiga ommaviy axborot vositalari vakillari hamda blogerlar uchun boshqarma huzurida Yoshlar media markazi faoliyat boshlashi munosabati bilan press-tur tashkil etildi.

Tadbirda O‘zbekiston Yoshlar ishlari agentligi Axborot va media xizmati rahbari Nodir Abduqodirov va boshqalar so‘zga chiqib, yoshlar markazida amalga oshirilayotgan ishlar hamda faoliyatini boshlayotgan media markazning imkoniyatlariga to‘xtaldi.

So‘nggi yillarda mamlakatimizda ommaviy axborot vositalari soni ortib bormoqda. Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan jamoatchilik fikri orqali hududlardagi ijtimoiy muammolarni hal qilishga mo‘ljallangan “Tashabbusli byudjet” loyihasining 2023 yilgi birinchi mavsumida Yoshlar ishlari agentligi Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasining, shuningdek, ko‘plab yoshlarning talab va takliflari asosida Nukus shahridagi Yoshlar markazida Yoshlar media markazini tashkil etish loyihasi ochiq ovozga qo‘yilib, g‘olib bo‘ldi.

Yoshlar ishlari agentligi Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi huzurida tashkil etilgan “Yosh reportyorlar klubi” media sohasiga qiziquvchan yoshlarni birlashtirgan bo‘lsa, yangi media markazning foydalanishga topshirilishi ularga cheksiz quvonch bag‘ishladi. Ular tomonidan “Yoshlar bekati”, “Bilasizmi?” kabi loyihalarning jonli tarzda olib borilishi, shuningdek, savol-javob viktorinalarining o‘tkazilishi tomoshabinlar auditoriyasining yanada kengayishiga xizmat qiladi.

–Yoshlar media markazi Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yilida foydalanishga topshirilayotgani ahamiyatlidir, – deydi O‘zbekiston Yoshlar ishlari agentligi Axborot va media xizmati rahbari Nodir Abduqodirov. – Markazda nafaqat yosh reportyorlar uchun, balkim hamkorlik qiluvchi tashkilotlarning vakillari uchun ham barcha imkoniyat mavjud.

Press-tur davomida ommaviy axborot vositalari vakillari hamda blogerlar Yoshlar markazi binosida tashkil etilgan “Biznes klub”, “Axborot texnologiyalari”, “Nemis tili”, “Robototexnika” to‘garaklari faoliyati bilan ham yaqindan tanishdi va o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi.

Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA muxbirlari