600 dan ortiq daraxtni kesishga ruxsatnomalar berilgan(mi?)

Daraxt va butalarni kesishning oldini olish borasidagi ishlarga qaramay, bu kabi noxush holatlar hamon davom etmoqda.
Jamoatchilik tomonidan ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligining Toshkent viloyati boshqarmasi tomonidan 2022 va 2023 yillar davomida olti yuzdan ortiq daraxtlarni kesishga ruxsatnomalar berilgani, bunda kesilgan daraxtlar orasida qimmatbaho daraxtlarning borligi haqida ma’lumotlar joylashtirilgani muhokamalarga sabab bo‘lmoqda.

Mintaqamizdagi ekologik holatni inobatga olsak, har bir daraxtni saqlab qolish uchun kurashishimiz kerak. Zero, bu ishga mas’ul bo‘lgan davlat idoralari daraxtlarni kesishga ruxsat berayotganda 7 marta emas, 70 marta o‘lchab, keyin qaror qilishlari lozim. Yuqoridagi holatda 5 ta 10 ta emas, balki butun boshli o‘rmonni kesishga ruxsat berilgan.

Ushbu holat yuzasidan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, O‘zbekiston Ekologik partiyasi fraksiyasi a’zolari T.Xojanazarov va N.Aminovlar tomonidan ruxsatnomalarning qonun hujjatlariga muvofiqligi yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuroriga deputat so‘rovi yuborildi.
M.Komilova, O‘zA