Germaniya kansleri Olaf Shols deyarli butun umri davomida bir xil portfelni ko‘tarib yuradi. Bu hatto hazilga aylanishga ham ulgurdi. Ko‘pchilik nega yangisini sotib olmasligi bilan qiziqadi.
Sholsni ko‘pincha hech qanday o‘ziga xos xususiyatlarga ega bo‘lmagan, hamma qatori oddiy bir odam deb bilishadi. Ammo buni ko‘pchilik hazilomuz qilib: u portfelli odam, deyishadi. Germaniya Federal kansleri hozir 65 yoshda, uning siyosatga kirib kelgan dastlabki paytlarini hamma ham eslay olmasa kerak. O‘shanda u xuddi shu katta qora portfel bilan omma oldida paydo bo‘lgan edi.
Qora portfel kanslerga 40 yildan beri hamrohlik qiladi
Olaf Shols o‘zining qora portfelini bunchalik yoqtirish sababini va qachon yangisiga almashtirishi hammani qiziqtiradi. Kansler ijtimoiy tarmoq orqali hammaga birdaniga javob berdi.
“Mening qora portfelim deyarli 40 yildan beri – har bir uchrashuvda, har bir xizmat safarida va hattoki ta’tilda ham men bilan birga. Men uni yosh huquqshunos bo‘lganimda sotib olganman”, deb yozadi Olaf Shols.
Haqiqiy charmdan yasalgan va old tomonida ikkita katta cho‘ntaklari bo‘lgan bu ajoyib portfel “Bree” firmasiga tegishli. Uni Shols 1980 yillarning oxirida Gamburgda huquqshunos yordamchisi bo‘lib ishlab yurganida sotib olgan. Qimmat ishlab chiqaruvchiga tegishli bu portfelning o‘sha paytdagi narxi taxminan 890 nemis markasi bo‘lgan.
O‘shandan beri dunyo o‘zgardi, qancha suvlar oqib ketdi, hattoki Olaf Shols ham o‘zgardi, huquqshunosdan katta siyosatchiga aylandi, ammo uning portfeli o‘zgarmadi.
“Bu oddiy narsa: men bu portfelga juda bog‘lanib qolganman. U juda qulay hamda ichiga ko‘p narsa sig‘adi” deb tushuntiradi Shols o‘z instagram sahifasida. “Ba’zi hamkasblarim portfel juda eskirib ketgan deyishadi. Lekin portfelim menga yillar o‘tgan sayin xuddi eski qadrdonimdek ko‘proq yoqaveradi”
Qora portfelning bormagan joyi qolmagan desa ham bo‘ladi, hatto urush payti Ukrainada ham bo‘lgan. 2022 yilda ushbu portfel bilan bog‘liq qiziq bir voqea bo‘lib o‘tgan edi: Olaf Shols o‘shanda Kiyevdagi prezident saroyi oldidagi qizil gilamda o‘zining katta va tabiiyki eskirib ketgan o‘sha portfelida paydo bo‘lganida, ko‘pchilik o‘zining hayratini yashira olmagandi. O‘shanda u bir qo‘li bilan prezident Zelenskiy bilan ko‘rishar ekan, ikkinchi qo‘lida o‘sha eski portfeli osilib turardi. Fotomuxbirlar tili bilan aytganda bunday zo‘r “kadr”ni qo‘ldan chiqarish aslo mumkin emas. Portfelga muxbirlarning nazari tushganini sezgan qo‘riqchilardan biri uni Sholsning qo‘lidan olib yashirgan edi.
Portfel ichida nima bo‘lishi mumkin?
O‘zining instagram sahifasida Federal kansler portfel bilan bog‘liq sirni ocharkan: “Odamlar portfelim ichida qanday sirli narsa yashiringan, deya ko‘p so‘rashadi. Lekin ular o‘ylaganchalik sirli hech narsa yo‘q: o‘qishim uchun ko‘zoynak, kundalik gazetalar va albatta hujjatlar solingan yana bir kichik papka bor”, -deydi.
Lekin shu o‘rinda Shols aytishi kerak bo‘lgan yana bir narsani unutgan. “Portfelning old cho‘ntagida doim o‘zining partiyaga a’zolik biletini olib yuradi”- deydi “Abendblatt” nashriga bergan intervyusida kansler biografi Lars Xayder. Shuningdek, Xayderdan Shols hammani e’tiborini tortayotgan bu eski portfelni qachon almashtiradi deb ham so‘rashgan. “Kansler yaqin orada yangi portfel sotib olmasa kerak, chunki uning butun siyosiy faoliyati davomida shu portfel unga hamrohlik qilayapti”, – degan.
Kansler bo‘lishidan oldin, ya’ni, vazir bo‘lgandayam va Gamburg shahrining meri bo‘lib ishlaganda ham shu portfel unga hamrohlik qilgan. Kanslerning portfeli bilan bog‘liq qiziqishlar va latifanamo gaplar ko‘paygan bir paytda portfelni ishlab chiqargan mashhur kompaniya o‘zining bankrot bo‘lganini e’lon qildi. Turli sumkalar va charmdan boshqa buyumlar ishlab chiqaruvchi “Bree Collection” kompaniyasi 1970 yildan beri faoliyat ko‘rsatib kelayotgan edi.
Bu portfel bilan muzeylar ham qiziqayapti
Ayni paytda ikki tashkilot uzoq vaqtdan beri afsonaviy portfelni sotib olishni orzu qiladi. Da’vogarlardan biri sotsial-demokratik an’analarga boy bo‘lgan Fridrix Ebert jamg‘armasidir. Ikkinchisi Bonndagi sobiq Federal kansler idorasi qarshisida joylashgan Germaniya tarixi muzeyidir. Bu muzey 1994 yilda ochilgan va hozirda Germaniyaning eng ko‘p, yiliga 850 ming sayyoh tashrif buyuradigan muzeylaridan biri hisoblanadi. Germaniyaning “Süddeutsche Zeitung” gazetasi muzey rahbari Xarald Birman portfelni sotib olishga jiddiy qiziqish bildirayotgani haqida xabar berdi.
«Bu Germaniya sobiq kansleriga tegishli bo‘lgan mavjud buyumlar to‘plamiga ajoyib qo‘shimcha bo‘lardi», degan u. Chunki, muzeyda Gelmut Kolga tegishli kardigan va Angela Merkelning eski mobil telefoni ham saqlanadi.
“Men hukumat matbuot kotibi Shteffen Xebeshtrayt bilan gaplashdim va unga Olaf Sholsning sumkasini qachonlardir muzeyga olish niyatimiz borligini aytdim. Chunki, portfelni ko‘plab fotosuratlarda ko‘rish mumkin, u tarixiy ahamiyatga ega”, degan muzey rahbari Xarald Birman nemis gazetasiga bergan intervyusida.
Lekin muzeydagi portfelga atalgan joy hali ham bo‘sh turibdi. Shols portfelidan qachon voz kechadi, bu hali noma’lum. Muzey rahbari Birmanning so‘zlariga ko‘ra, “bu odatiy jarayon, biz kutishga majburmiz”, chunki eskirgan charm portfel hali ham ishlatilmoqda va Germaniya Federativ Respublikasi kansleri lavozimi muddatining oxirigacha Olaf Sholsning hamrohi bo‘lib qolishi mumkin.
K.Bekjonov tayyorladi, O‘zA