Sog‘liqni saqlash vazirligining retseptsiz beriladigan dori vositalari ro‘yxatini yiliga kamida bir marta tasdiqlash vakolati bekor qilinmoqda.

Ushbu tartibni o‘zida aks ettirgan “Farmatsevtika sohasidagi qonunchilik takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi kuni kecha Oliy Majlis Qonunchilik palatasining majlisida ko‘rib chiqilib, qabul qilindi.

Farmatsevtika sohasida amalga oshirilayotgan ishlar hamda mazkur hujjat mazmuni va ahamiyati xususida Qonunchilik palatasi deputati, O‘zXDP fraksiyasi a’zosi Qizilgul Qosimova quyidagilarni qayd etdi:

– Mamlakatimizda sog‘liqni saqlash sohasi kun sayin rivojlanib, aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatish sifatini yangi bosqichga ko‘tarish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi. Prezidentimiz tomonidan qator farmon va qarorlar qabul qilinib, xalqimizning sog‘lom va uzoq umr kechirishini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilyapti.

Bugungi kunda aholini sifatli, samarali, xavfsiz va arzon dori-darmonlar bilan ta’minlash sog‘liqni saqlash tizimining eng muhim vazifalaridan biridir. Sog‘liqni saqlash tizimida elektron retsept tizimini joriy etish, dori vositalari va tibbiy buyumlarni ishlab chiqarishni tubdan takomillashtirish, dori vositalarining noqonuniy aylanishi va ularning suiiste’mol qilinishining oldini olish, kuchli ta’sir qiluvchi moddalar aylanishini tartibga solishga qaratilgan tizimli ishlar olib borilayotir.

Xususan, aholini hamda sog‘liqni saqlash muassasalarini arzon va sifatli farmatsevtika mahsulotlari bilan ta’minlashni yaxshilash hamda farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirishga qaratilgan 50 ga yaqin normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilindi. Shu bilan birga, mamlakatimizda dori vositalarini ishlab chiqarishning xalqaro standartlari tatbiq etilyapti. Natijada O‘zbekistonning farmatsevtika bozorida o‘sish dinamikasi yiliga 8-10 foizni tashkil etib, MDH mintaqasida eng tez rivojlanayotgan bozorlar qatoridan o‘rin egallamoqda.

Sohada olib borilayotgan islohotlar va erishilgan ijobiy natijalar bilan bir qatorda amaliyotda dori vositalarini ro‘yxatdan o‘tkazish tartibini takomillashtirish, ortiqcha hujjatlarni qabul qilishni qisqartirish hamda bu bilan qator byurokratik to‘siqlarni olib tashlashga ehtiyoj borligini ko‘rsatmoqda.

Bugungi kunda tibbiyot amaliyotida qo‘llanilishiga ruxsat etilgan dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnika davlat reyestriga mahalliy dori vositalari 3 ming 268, MDH davlatlari dori vositalari 1 ming 619, xorijiy davlatlar dori vositalari 5 ming 515, In vivo tashxis vositalari 24, tibbiy texnika 2 ming 634, tibbiy buyumlar 2 ming 131, In vitro tashxis vositalari 795, jami 16 ming 348 nomdagi, 76 mamlakatning 1 ming 451 korxonalari tomonidan ishlab chiqariladigan farmatsevtika mahsulotlari kiritilgan.

Ushbu dori vositalarining retsept asosida yoki retseptsiz berilishi asosan davlat ro‘yxatidan o‘tkazish jarayonida Sog‘liqni saqlash vazirligining vakolatli organi bo‘lgan Farmatsevtika mahsulotlarini xavfsizlik markazi tomonidan belgilanadi va shakllantirilib, Sog‘liqni saqlash vazirligining rasmiy veb-saytiga joylashtirilgan holda, muntazam yangilanib boriladi.

Bundan tashqari, hozirgi kunda dori vositalarini ishlab chiqarayotgan 40 ta korxona GMP – xalqaro standart talablariga javob beradi. 2024 yilning 1 yanvaridan respublikada faqat shu talabga javob beradigan farmkorxonalar ish olib boradi. Shunday ekan, dori ishlab chiqarishda ishlatiladigan substansiyalarning qayta-qayta tekshirilib, tasdiqlanishiga hojat qolmaydi. Bu borada “Farmatsevtika sohasidagi qonunchilik takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ishlab chiqilgan bo‘lib, sohaga doir muhim yangiliklar o‘z ifodasini topgan. Mazkur qonun loyihasi bilan “Fuqarolar sog‘lig‘ini saqlash to‘g‘risida”gi hamda “Dori vositalari va farmatsevtika faoliyati to‘g‘risida”gi qonunlarning ayrim normalariga tegishli o‘zgartirishlar kiritilmoqda. Ya’ni, Sog‘liqni saqlash vazirligi vakolatidan retseptsiz beriladigan dori vositalari ro‘yxatini yiliga kamida bir marta tasdiqlash normasi hamda dori moddalari (substansiyalar)ni davlat ro‘yxatidan o‘tkazishga oid normani bekor qilish nazarda tutilmoqda.

Bu bejiz emas, albatta. Chunki bugungi kunda dori vositalarini ishlab chiqarish amaliyotiga joriy qilingan xalqaro standartlar (GMP) va sifat nazoratiga qo‘yilgan talablar doirasida substansiyalarni nazorat qilishning alternativ mexanizmlari joriy etilgan.

Mazkur hujjatning qabul qilinishi aholining dori vositalari bilan ta’minlanganlik darajasini oshiradi, dori vositalarini ishlab chiqarishda ortiqcha tartib-taomillarni bekor qilish va dori vositalarini ishlab chiqaruvchilar uchun qo‘shimcha shart-sharoitlar yaratadi. Asosiysi, mahalliy dori vositalari sifatli ishlab chiqarilishi va aholiga tez, arzon narxlarda yetkazib berilishi ta’minlanadi.

Muhtarama Komilova tayyorladi, O‘zA