Yoshlar bilan ijodiy muloqot

Shu kunlarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasida “El-yurt umidi” jamg‘armasining stipendiya tanlovi g‘oliblari uchun “Iqtidorli yoshlar: Yangi O‘zbekiston istiqboli uchun birlashamiz!” mavzusida o‘quv seminarlari bo‘lib o‘tmoqda.
Xorijga o‘qishga ketayotgan yoshlarga Vatanga sadoqat, o‘zbek milliy qadriyatlariga hurmat, g‘oyaviy-siyosiy va vatanparvarlik ruhini singdirish maqsadida tashkil etilgan seminarda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi, O‘zbekiston xalq shoiri Sirojiddin Sayyid, madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi Rustam Musurmon qatnashdi.
Samimiy va qizg‘in ruhda kechgan uchrashuvda shoirlar ma’ruza qildi, o‘z she’rlaridan o‘qidi.

Sirojiddin Sayyid o‘z so‘zida xorijga o‘qishga ketayotgan yigit-qizlarga madaniyatimiz orqali O‘zbekistonning obro‘si, sha’nini ko‘tarishi kerakligini ta’kidladi va O‘zbekiston Qahramoni, xalq shoiri Abdulla Oripovning xorijga ketayotgan yoshlarimizga qarata aytgan gaplaridan iqtibos keltirdi:
“Bolajonim! Vatan o‘z-o‘zidan Vatan bo‘lmaydi. Farzandlik burchi ham xuddi shu Vatanning o‘zi yanglig‘ ulug‘ va muqaddasdir. Bilginki, uning sha’ni ota-onang, ota uying, aka-uka, yoru singillaring sha’nidir. Sen shunday muqaddaslikka dog‘ tushirmay, ona yurtingga sog‘-omon qaytib kelgaysan. Or-nomus va omad doimo Senga yor bo‘lsin!”
Prezidentimizning tegishli farmoni bilan tashkil etilgan “El-yurt umidi” jamg‘armasi tomonidan 2018-2023 yillarda 1 ming 900 nafarga yaqin stipendiat dunyoning 45 ga yaqin davlatida ta’lim oldi.
Ayni vaqtda 485 nafar yigit-qiz AQSH, Buyuk Britaniya, Germaniya, Fransiya, Yaponiya, Kanada, Italiya, Ispaniya, Koreya, Xitoy, Rossiya kabi davlatlarda global akademik reytingda TOP 300 talikka kirgan universitetlarda oliy ta’limni davom ettirmoqda.
Ushbu stipendiya tanlovida esa bakalavriat ta’lim dasturiga 22 o‘rin, magistratura ta’lim dasturiga 193 o‘rin va doktorantura ta’lim dasturiga 130 o‘rinli stipendiyalar ajratilgan.

“El-yurt umidi” jamg‘armasining 2023 yilgi 2-ochiq stipendiya tanlovi uchun 2023 yilning 10 oktyabridan 10 noyabriga qadar, respublikaning barcha hududlari vakillari uchun yagona tartib va teng imkoniyat asosida, onlayn rejimda va elektron tarzda hujjatlar qabul qilindi.
O‘zbekiston Respublikasining “Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi qonuni bilan davlat organlari va tashkilotlarida barchaga teng imkoniyatlar yaratgan holda kadrlarni saralash va ularning kasbiy fazilatlari, malakasini ob’ektiv baholagan holda tanlab olishning shaffof mexanizmlari joriy etildi.
Saralash tanlovining birinchi bosqichi yakuniga ko‘ra jami ro‘yxatdan o‘tgan 2 ming 45 nafar nomzodning 641 nafari o‘z arizalariga nufuzli xorijiy ta’lim muassasasiga o‘qishga qabul qilingani yoki shartli qabul qilingani to‘g‘risidagi taklifnoma-xatni ilova qilgan.

Test sinovlarini muvaffaqiyatli topshirgan nomzodlar uchun xorijda ta’lim olishdan ko‘zlangan maqsad va ta’lim olish tugagach olingan bilimlarni O‘zbekistonda qo‘llash imkoniyatlari, tanlagan mutaxassisligi bo‘yicha bilim va ko‘nikmalari, ma’naviy-axloqiy tafakkuri, sog‘lom dunyoqarashi, milliy va umuminsoniy qadriyatlarni aniqlashga qaratilgan davlat tilida suhbat O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi binosida joriy yil 4 dekabrdan 12 dekabrga qadar bo‘lib o‘tdi.
Suhbat o‘tkazish komissiyasi tarkibiga Prezident Administratsiyasi vakillari, mutasaddi vazirlik va idoralar rahbarlari, ekspertlari, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi mutaxassislari, xorijiy universitetlar rektorlari hamda Jamg‘armaning xorijda ta’lim olgan iqtidorli stipendiatlari kiritildi. Suhbat jarayonlarining haqqoniy va shaffof o‘tishini ta’minlash maqsadida tanlov komissiyasi tarkibiga Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining mas’ul xodimlari jalb etildi.

Suhbat natijalariga ko‘ra, 119 nafar nomzod ijobiy baholanib, ularning 33 nafari bakalavriat, 77 nafari magistratura va 9 nafari doktorantura ta’lim dasturlari bo‘yicha “Jamg‘arma stipendiati” deb e’tirof etildi.
Uchrashuvda ta’kidlanganidek, o‘qishga ketayotgan talabalar xorijda puxta ta’lim olib, yurtimizga yetuk mutaxassis bo‘lib qaytishiga va olgan bilimlarini O‘zbekistonning rivoji yo‘lida qo‘llashiga ishonamiz.
N.Usmonova, O‘zA