Nukusda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Mahallani qo‘llab-quvvatlash kengashining majlisi bo‘lib o‘tdi.
Unda Prezidentimizning 2023 yil 21 dekabrdagi “Mahalla institutining jamiyatdagi rolini tubdan oshirish va uning aholi muammolarini hal etishda birinchi bo‘g‘in sifatida ishlashini ta’minlashga qaratilgan chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni hamda “O‘zbekiston mahallalari uyushmasi faoliyatini yo‘lga qo‘yish va mahallalarda boshqaruv tizimini takomillashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori bilan mahallalarni qo‘llab-quvvatlashni yanada takomillashtirish borasida ustuvor vazifalar belgilab berilgani qayd etildi. Farmonga muvofiq respublika mahallani qo‘llab-quvvatlash kengashiga Bosh vazir, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahar hamda tuman (shahar) mahallani qo‘llab-quvvatlash kengashlariga tegishlicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi va hokimlar raislik qiladi.
Ushbu farmon va qaror bilan mahallalarni qo‘llab-quvvatlashni yanada jadallashtirish, mahalla tizimida ishlashga mas’ul bo‘lgan shaxslarning faoliyatini samarali tashkil etish, ularning hamkorligini ta’minlash, mahallalar faoliyatini amalga oshirishi uchun zarur sharoitlar yaratish, ularga qonunda belgilangan vakolatlarini amalga oshirishiga ko‘maklashishga qaratilgan chora-tadbirlar belgilab berildi.
Tadbirda mahalla raislari hamda hamkor tashkilotlar vakillarining fikr-mulohazalari tinglandi.
Majlisda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi A.Orinbayev ishtirok etdi va nutq so‘zladi.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri