17 yanvar kuni “Dok-1 Maks” fojeasi bo‘yicha davom etayotgan sud ishining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda jabrlanuvchilarning qonuniy vakillari o‘z ko‘rsatmalarini berib o‘tishdi.

Sud avvalida videokonferensiya orqali jabrlanuvchilarning ko‘rsatmalari tinglandi. Undan so‘ng sud zaliga tashrif buyurgan jabrlanuvchilar o‘z shikoyatlarini bildirib o‘tishdi. Jumladan, ushbu siropni ichish orqali nogiron bo‘lib qolgan 5 yoshli Alijonov Nodirbekning otasi Abdullayev Anvar ko‘rsatma berdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, farzandi hozir hech narsani anglamaydi, gapirmaydi, faqat bitta joyda yotadi.

“Ota-onam mendan ham ko‘proq siqilishdi, stressga tushib, dadam 2 marta insult bo‘ldi. Toshkentda turdim, 5 oy shifoxonadan chiqarmadik… Haqiqatdan viloyat bilan Toshkentni davolashda, mutaxassislarida farqi bor. Majbur  bo‘ldik mutaxassis shifokorlarning oldidan ketmasdan qarab o‘tirdik… Xotinimning ham boshi karaxt, yaxshilab tekshirtirsak uning ham musibat ortidan orttirgan kasalliklari kelib chiqadi… Bolamizni narxlagani kelmaymiz bu yerga. Alam qilib, yonganidan kelyabmiz… Davlat huquqlaridan, tergov natijasida olib kelib qo‘yibsizlar, balki bular ichida aybi yo‘g‘i ham bordir, avvalo, xudo biladi. Bundan kattalari ham tepada o‘tirgandir, balki… Agar aybdor, deb topsalaring o‘ta og‘ir jazoga tortishingizni  so‘rayman. Hamma shu yerda ish ko‘rayotganlar, kimlardir kimnidir oqlayotganlar, iltimos qilaman, bizni farzandimizni ham o‘z bolasini o‘rniga qo‘yib ko‘rsin…”, deb qo‘shimcha qilgan bolasi nogiron bo‘lib qolgan ota. Abdullayev Anvar farzandini to‘liq davolatish uchun 5 mlrd so‘m kompensatsiya so‘ragan.

Keyingi sud ishi 19 yanvar kuni davom etadi.

Sardorbek Poyonov, Ulug‘bek To‘xtayev, O‘zA.