2022 yilda boshlangan avtomobillar savdosini oshirish bo‘yicha faol tendensiya 2023 yilda ham davom etdi. Yengil elektromobillar segmenti 4,3 baravar ko‘payib, yil davomida eng katta faollikni ko‘rsatdi.

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazining O‘zbekiston avtomobil bozoridagi vaziyat tahliliga ko‘ra, o‘tgan yil davomida 1,69 mln. dona avtotransport vositalari sotildi. Bu, 2022 yilga nisbatan 18 foizga ko‘pdir. 2023 yildagi eng yuqori ko‘rsatkich may va oktyabr oylarida, sotuvlar 156 va 186 mingta mashinadan oshganida qayd etildi.

2023 yilda O‘zbekistonda 379 mingta yangi yengil avtomobil sotildi – o‘tgan yilga nisbatan 33 foizga o‘sgan.

Mamlakatimizda ishlab chiqarilgan avtomobillarning savdo ko‘rsatkichlariga kelsak, 2023 yilda O‘zbekistonda 333 mingdan ortiq mahalliy yengil avtomobillar sotilgan – o‘tgan yilga nisbatan 25 foizga ko‘p.

Ikki yil ichida mahalliy yengil avtomobillar ishlab chiqarish 2021 yildagi 236 ming donadan 2023 yilda 395 ming donagacha 1,6 barobar oshdi.

Bundan tashqari, o‘zbekistonliklar avtomobil sotib olish uchun ko‘proq kredit olishni boshladi. Xususan, 2022 yilda avtokreditlar berish 2,3 barobarga oshib, 19,6 trnl. so‘mni tashkil etdi.

2023 yilning 11 oyida aholiga 34,6 trln. so‘mlik avtokreditlar berildi – 2021 yilga nisbatan 4,4 barobarga ko‘p.

Xorijda ishlab chiqarilgan yangi yengil avtomobillar savdosi yil davomida 2,4 barobar oshdi va 46 mingta avtomobilni tashkil etdi.

2023 yilning 11 oyida yengil avtomobillar importi sezilarli darajada – 2,2 barobar oshdi va 1,56 milliard dollarni (19,4 trln. so‘m) tashkil etdi.

Avtomobil bozorining ushbu segmentida mashina importining o‘sishiga asosan bojxona to‘lovlarining kamayishi ta’sir ko‘rsatdi.

Eslatib o‘tamiz, davlatimiz rahbari 2022 yil fevral oyida import qilinadigan avtomobillar uchun bojxona to‘lovlarini ikki baravar kamaytirish bo‘yicha topshiriq bergan edi. Ichki avtomobil bozorida raqobatni rag‘batlantirish maqsadida stavkalarni bosqichma-bosqich nolga tenglashtirish zarurligi belgilandi.

Jumladan, O‘zbekistonda avtomobil importiga bojxona to‘lovlari stavkalari ikki bosqichda: 2022 yil fevral oyidan boshlab 2 barobarga (30 foizdan 15 foizgacha) va dvigatel hajmiga qarab qo‘shimcha koeffitsiyentlar, 2023 yil yanvar oyidan esa qo‘shimcha koeffitsiyentlar pasayishi bilan stavka 15 foiz qilib belgilandi.

Bundan tashqari, yangi xorijiy avtomobillar importining o‘sishi kichik avtomobillarga bojxona to‘lovlarining pasayishiga olib keldi.

Bir yil ichida O‘zbekistonda haydalgan yengil avtomobillar savdosi 12,6 foizga o‘sib, 1,16 million donaga yetdi.

O‘zbekistonda elektr dvigatelli avtomobillarga qiziqish tobora ortib bormoqda. 2023 yilda yengil elektromobillar savdosi 4,3 borabarga oshib, 25,7 mingta elektrokarni tashkil etdi.

Eng ko‘p elektromobillar – qariyb 71 foiz poytaxtda, Surxondaryo viloyatida esa – 123 ta, eng kam elektrokarlar sotildi.

 

M.Qosimova tayyorladi, O‘zA