O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasida “O‘zbekiston mahallalari uyushmasi faoliyatini yo‘lga qo‘yish va mahallalarda boshqaruv tizimini takomillashtirish” mavzusida ta’sis konferensiyasi bo‘lib o‘tdi.

Unda O‘zbekiston mahallalari uyushmasini tuzish va uning hududiy bo‘linmalarini tashkil etish, uyushma Ustavi va Ramzini, hududiy bo‘linmalarining Namunaviy nizomlarini tasdiqlash, uyushmaning Nazorat-taftish komissiyasi raisi va a’zolarini saylash, shuningdek, uyushma va uning hududiy bo‘linmalari hamda mahalla faollari oldida turgan ustuvor vazifalar to‘g‘risidagi masalalar muhokama qilindi.

Anjumanda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi T.Norboyeva, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi, Respublika mahallani qo‘llab-quvvatlash kengashi raisining birinchi o‘rinbosari G‘.Mirzayev, vazirlik va idoralar rahbarlari, hamkor tashkilotlar vakillari, shuningdek, viloyatlardan 140 nafar delegat ishtirok etdi.

Konferensiyada O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi T.Norboyeva mahalla chinakam xalq manfaatini ko‘zlaydigan, aholi muammolarini mustaqil hal eta oladigan, davlat organlari faoliyati ustidan samarali jamoatchilik nazoratini o‘rnatishga qodir yetakchi fuqarolik jamiyati institutiga aylanganini qayd etdi. Mahallaning joylarda xalqning maslakdoshi va ko‘makdoshiga, ta’bir joiz bo‘lsa, “adolat tarozisi”ga aylanishi, hech shubhasiz, odamlarning davlatga bo‘lgan ishonchini yanada mustahkamlaydi.

Darhaqiqat, keyingi yillarda mahalla institutining maqomi Konstitutsiya darajasida mustahkamlandi. Mahalla tizimi islohotlarning markaziy va hal qiluvchi bo‘g‘iniga aylandi. Ayniqsa, barcha soha va yo‘nalishlar bo‘yicha “mahallabay”, “xonadonbay”, “oilabay” ishlash tizimi keng joriy etilib, “Obod va xavfsiz mahalla” tamoyili amaliyotga tatbiq etildi.

So‘nggi yetti yilda tizimni takomillashtirishga doir 100 ga yaqin normativ-huquqiy hujjat qabul qilinib, mahalla raisi, hokim yordamchisi, xotin-qizlar faoli, yoshlar yetakchisi hamda profilaktika inspektoridan iborat ta’sirchan tuzilma faoliyati yo‘lga qo‘yilgani ijobiy samara berdi. Buning tasdig‘ini mahallalarda tadbirkorlik rivojlanib, yangi ish o‘rinlari, doimiy daromad manbalari yaratilayotgani, barqaror ijtimoiy-ma’naviy muhit mustahkamlanib, jinoyatchilik kamayib borayotgani misolida ko‘rish mumkin.

Mahallaning aholiga ijtimoiy ko‘mak berish borasidagi vakolati kuchaytirildi. Endilikda “Temir daftar”, “Yoshlar daftari” va “Ayollar daftari” orqali ijtimoiy yordam ko‘rsatish va subsidiyalar ajratish “mahalla yettiligi”ning birgalikdagi qarori asosida amalga oshiriladi. Qonun hujjatlariga kiritiladigan o‘zgartirishlar bilan “yettilik” a’zolarini tayinlashda mahallada yashaydigan nomzodlarga ustunlik beriladi. Mahalla raisining ma’lumoti va malakasi bo‘yicha talablar belgilanib, ularning vakolat muddatini 3 yildan 5 yilga uzaytirish ko‘zda tutilmoqda.

E’tiborlisi, har bir mahalla o‘z byudjetiga ega bo‘ladi. Mahallaga qo‘shimcha kuch va imkoniyatlar berilyapti. Bu degani vakolat ham, mas’uliyat ham quyi tizimga tushyapti.

Prezidentimizning 2023 yil 21 dekabrdagi “Mahalla institutining jamiyatdagi rolini tubdan oshirish va uning aholi muammolarini hal etishda birinchi bo‘g‘in sifatida ishlashini ta’minlashga qaratilgan chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni hamda “O‘zbekiston mahallalari uyushmasi faoliyatini yo‘lga qo‘yish va mahallalarda boshqaruv tizimini takomillashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori bilan mahallalarni qo‘llab-quvvatlashni yanada takomillashtirish borasida ustuvor vazifalar belgilab berilgan.

Ushbu farmon va qaror asosida Respublika, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahri, tuman va shahar mahallani qo‘llab-quvvatlash kengashlari, O‘zbekiston mahallalari uyushmasi va uning hududiy tuzilmalari tashkil etildi.

Kun tartibidagi masalalar yuzasidan delegatlarning fikr-mulohazalari tinglandi. Unda mahalla tizimidagi o‘zgarishlar, uning jamiyat hayotidagi o‘rni va obro‘sini oshirish borasidagi tashabbuslar, “mahalla yettiligi”ning faoliyat yo‘nalishlari xususida so‘z bordi.

Prezident farmon va qarorida belgilangan ustuvor vazifalar birma-bir tahlil qilindi. Delegatlar mahalla tizimini takomillashtirishga oid takliflari va tashabbuslarini bildirdi.

Konferensiyada tashkiliy masala ko‘rib chiqildi. Delegatlar O‘zbekiston mahallalari uyushmasining raisi lavozimiga Qahramon Quronboyev nomzodini bir ovozdan ma’qulladi.

Yangi tashkil etilgan O‘zbekiston mahallalari uyushmasi zimmasiga mahallaning xalq bilan davlat o‘rtasida ko‘prik vazifasini o‘tash mas’uliyati yuklanmoqda. Bir so‘z bilan aytganda, Prezidentimiz tashabbusi bilan hayotga tatbiq etilayotgan yangilik va o‘zgarishlar mahallaning xalqchil tuzilmaga aylanishiga xizmat qiladi.

Konferensiya ishtirokchilari nomidan mahallalar faollariga Murojaat qabul qilindi.

Shahnoza MAMATUROPOVA, O‘zA muxbiri