Suv xo‘jaligi vazirligida O‘zbekiston Ekologik partiyasi bilan Memorandum imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda ta’kidlanganidek, hozirgi o‘ta murakkab iqlim sharoitida sayyoramizda yuzaga kelayotgan global ekologik muammolar sababli suv resurslari taqchilligi xavfi tobora ortib bormoqda. Bu nafaqat O‘zbekiston yoki Markaziy Osiyo mintaqasi, balki butun dunyo mamlakatlarini tashvishga soladigan dolzarb masaladir.

Bundan 30-35 yil oldin mamlakatimizda foydalaniladigan yillik suv miqdori 62-64 mlrd. m3 atrofida bo‘lgan, hozirga kelib 51-52 mlrd. m3 ga tushib qoldi. Agar vaziyat shu tarzda davom etsa, yaqin yigirma yilda ikki yirik daryo – Amudaryo va Sirdaryo oqimi hozirgidan 15 foizga qisqarishi, aholi jon boshiga suv bilan ta’minlanish darajasi 25 foizga, qishloq xo‘jaligida hosildorlik esa 40 foizga kamayib ketishi mumkin.

Memorandumda suv va suvdan foydalanish to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini qabul qilish, ularga o‘zgartishlar va qo‘shimchalar kiritishda hamkorlik qilish, suv resurslaridan foydalanish va ularni muhofaza qilishga oid davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlarini belgilash hamda suv xo‘jaligiga oid strategik davlat dasturlarini qabul qilish, fuqarolarning suv resurslari va ob’ektlaridan oqilona foydalanish, ularni muhofaza qilishga qaratilgan targ‘ibot tadbirlarini kuchaytirish kabi muhim vazifalar belgilangan.

Shuningdek, tadbirda O‘zbekiston Ekologik partiyasi va O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi bilan hamkorlikda 2024 yilda suv resurslaridan foydalanish va ularni muhofaza qilishga qaratilgan “yo‘l xaritasi” tasdiqlandi.

– O‘zbekiston Ekologik partiyasi vazirligimiz bilan Memorandum imzolanishi va birgalikda targ‘ibot tadbirlarini olib borish tashabbusi bilan chiqqani bizni nihoyatda xursand qildi. Biz tashabbusni qo‘llab-quvvatlaymiz, “yo‘l xaritasi”dagi barcha tadbirlarni birgalikda va o‘z muddatlarida bajarib, amaliy natijalarga erishamiz, – deydi Suv xo‘jaligi vaziri Sh.Hamrayev.

– Oliy Majlis Qonunchilik palatasida Ekopartiyadan 15 nafar deputat bor. Mahalliy kengashlardagi deputatlari soni esa 600 nafarga yaqin. Partiya a’zolarining soni 620 mingdan oshadi, – deydi Ekologik partiya Markaziy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi raisi A. Hamzayev. – “Suv tekin emas” g‘oyasini targ‘ib etishda, aholi o‘rtasida suvdan tejamkorlik bilan foydalanish madaniyatini yuksaltirishda partiyamiz katta kuch hisoblanadi. Aslida bu faqat vazirlikning ishi emas. Kelajak avlod uchun suv va boshqa tabiiy resurslarni asrash barchamizning burchimizdir.

Tadbir yakunida OAV vakillari uchun matbuot anjumani o‘tkazilib, ulardan tushgan savollarga javob qaytarildi.

Sanjar Toshpo‘latov, Abror Sodiqov, Ulug‘bek To‘xtayev, O‘zA