Suv sport turining sakrash yo‘nalishi bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari Germaniyaning Rostok shahrida o‘tkaziladigan xalqaro musobaqada ishtirok etadi.
To‘rt kun davom etadigan mazkur turnirda O‘zbekiston terma jamoasi a’zolaridan Igor Myalin va Vyacheslav Kachanov 1 metrlik tramplindan va 10 metr balandlikdan sakrashda va 3 metr tramplindan sinxron sakrashda medallar uchun kurashish bilan birga o‘z mahoratlarini oshiradi.
Germaniyada o‘tkaziladigan mazkur xalqaro turnir joriy yilning 2-18 fevral kunlari Qatarda suv sport turlari bo‘yicha o‘tadigan 21-jahon chempionatiga tayyorgarlik vazifasini o‘taydi.
Xalqaro suzish federatsiyasi (FINA) xabariga ko‘ra, Qatar poytaxti Dohada tashkil etiladigan jahon chempionatida 2 ming 600 ga yaqin sportchi suzish sport turining 75 ta medallar jamlanmasi uchun kurash olib boradi. Ushbu jahon chempionati bahslari “Parij-2024” Olimpiadasining muhim yo‘llanmalarini taqdim etishi bilan ham ahamiyatlidir.
O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari kecha Germaniyaga jo‘nab ketdi.
T. Ro‘ziyev, O‘zA.