Qamaldagi G‘azo sektoridagi inqiroz ikki davlat qarori bilan yakunlanishi kerak, natijada Falastin va Isroil bu dahshatli inqirozni umumiy kelajak qurish imkoniyatiga aylantira oladi.
Bu haqda BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish Davosdagi Jahon iqtisodiy forumi doirasida AQSH davlat kotibi Entoni Blinken bilan uchrashuvi oldidan jurnalistlarga ma’lum qilgan.
“O‘ylaymanki, biz hammamiz Ukrainadagi urush BMT Nizomi va xalqaro qonunlarga muvofiq tugashini xohlaymiz. Biz G‘azo sektoridagi inqiroz tinch yo‘l bilan hal qilinishini, Falastin va Isroil bu dahshatli inqirozni umumiy kelajak qurish imkoniyatiga aylantirishi mumkin bo‘lgan ikki davlat qarori bilan yakunlanishini istaymiz”, — deya ta’kidladi Bosh kotib.
Shuningdek, u BMT AQSH bilan boshqa ko‘plab masalalarda – tinchlik, barqarorlik va taraqqiyotni ta’minlash bo‘yicha hamkorlik qilishdan manfaatdor ekanini ta’kidladi.
“Qo‘shma Shtatlar va Birlashgan Millatlar Tashkiloti o‘rtasidagi hamkorlik bizning ishimizning asosiy qismidir va men kotib Blinkenning dunyodagi eng qiyin muammolarni hal qilishdagi sa’y-harakatlari uchun minnatdorman”, dedi Guterrish.
Blinken bilan uchrashuvda G‘azoga gumanitar yordam yetkazib berish, mahbuslarni ozod qilish va Isroil-Falastin mojarosini “ikki xalq uchun ikki davlat” konsepsiyasi asosida hal qilish kabi masalalar muhokama qilindi.
Guterrish va Blinken mintaqadagi keskinlikni kamaytirish va dengiz xavfsizligini ta’minlash zarurligini qayd etdi.
Bundan tashqari, BMT matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, bir kun avval Guterrish Eron tashqi ishlar vaziri Husayn Amir Abdullohiyan bilan telefon orqali suhbat o‘tkazgan va suhbat davomida Yaqin Sharqdagi vaziyat muhokama qilingan.
BMT Bosh kotibi mojaro tomonlarini Qizil dengizdagi keskinlikni pasaytirishga yordam berishga chaqirdi va BMT Xavfsizlik Kengashining 2722-rezolyutsiyasi bajarilishi kerakligini ta’kidladi.
Guterrish G‘azo sektorida gumanitar o‘t ochishni to‘xtatish va barcha mahbuslarni ozod qilish chaqirig‘ini takrorladi. Suhbatdoshlar eksklavda qabul qilinadigan gumanitar yordam hajmini oshirish zarurligi to‘g‘risida kelishib oldilar.
O‘zA