Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida “Sudlar mustaqilligi kafolatlarini yanada mustahkamlash bo‘yicha qo‘shimcha choralar ko‘rilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ko‘rib chiqildi.

—Yangi tahrirdagi Konstitutsiyada sud hokimiyatining mustaqil holda ish yuritishi va sudyalar muayyan ishlar bo‘yicha hisobdor bo‘lmasligiga oid konstitutsiyaviy kafolatlar belgilab qo‘yilishi sud faoliyatining samaradorligini oshirishda yana bir muhim qadam bo‘ldi, — dedi deputat Sherbek Bo‘ronov. — Mazkur qonun loyihasi ham Konstitutsiyamizning 136-moddasida belgilangan sudlar mustaqilligi kafolatlarini to‘laqonli ta’minlash maqsadida ishlab chiqildi. Qonun loyihasi bilan “Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risida”gi va “Sudlar to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunlariga sud raislarining xalq deputatlari mahalliy Kengashlariga bir yilda kamida bir marta axborot taqdim etishi haqidagi qoidani bekor qilish, shuningdek, sudlarning o‘z faoliyati to‘g‘risida jamoatchilikni har chorakda ommaviy axborot vositalari orqali xabardor qilib borishini nazarda tutuvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish nazarda tutilmoqda.

Mazkur qonun loyihasi sudlar mustaqilligining kafolatlari yanada mustahkamlanishiga, jamiyatning sudlar faoliyati to‘g‘risida muntazam axborot olib borishi uchun qat’iy huquqiy asoslar yaratilishiga, ular faoliyatida shaffoflikning ta’minlanishiga xizmat qiladi.

Majlisda qonun loyihasi yuzasidan qator savollar o‘rtaga tashlandi va qizg‘in muhokamalardan keyin qabul qilindi.

M.Komilova, O‘zA