Davlatimiz rahbari kuni kecha “Davlat boji to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuniga ma’muriy sudlarga murojaat qilishda fuqarolar uchun yanada qulay shart-sharoitlar yaratishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonunni imzoladi.

Qonunga ko‘ra, jismoniy shaxslar o‘z huquqlarini va qonuniy manfaatlarini buzayotgan mahalliy davlat hokimiyati organlarining, respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarining, ma’muriy-huquqiy faoliyatni amalga oshirishga vakolatli bo‘lgan boshqa organlarning, fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlarining, ular mansabdor shaxslarining qarorlari, harakatlari (harakatsizligi) ustidan sudga murojaat qilganda davlat bojini to‘lashdan ozod qilinadi.

Mazkur shaxslarning talablarini qanoatlantirish to‘liq yoki qisman rad etilgan taqdirda, davlat boji shu shaxslardan talablarning qanoatlantirilishi rad etilgan miqdoriga mutanosib ravishda undiriladi.

Bunday holatlarda fuqarolardan berilgan arizalar bo‘yicha undiriladigan davlat boji BHMning 70 foizi etib belgilandi (ilgari BHMning 1 baravari miqdorida edi).

N.Abduraimova, O‘zA