Umumta’lim fanlaridan milliy sertifikat olish uchun imtihonda ishtirok eta olmagan talabgorga qayta imkon beriladimi?

Abituriyent qanday hollarda majburiy fanlar bo‘yicha belgilangan eng yuqori ballga ega bo‘lishi mumkin?
Umumta’lim fanlarini bilish darajasini aniqlash va davlat namunasidagi sertifikatni berish Bilim va malakalarni baholash agentligi tomonidan to‘lov asosida amalga oshiriladi, sertifikat elektron shaklda beriladi. Sertifikat berish uchun talabgordan ariza berilgan kundagi bazaviy hisoblash miqdorining 1,5 baravari miqdorida to‘lov undiriladi.
Mavjud qonunchilikka ko‘ra, umumta’lim fanlarini bilish darajasini baholashning milliy test sinovlarida ishtirok etish bo‘yicha murojaatlarni O‘zbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali elektron shaklda qabul qilinishi belgilandi.

AOKA da o‘tkazilgan brifingda Bilimni baholash agentligi direktori maslahatchisi Farhod Mirzayevning ma’lum qilishicha, davlat xizmati ko‘rsatilishi uchun ro‘yxatdan YAIDXP orqali o‘tilganligi sababli talabgordan belgilangan to‘lov miqdorining 90 foizi undiriladi. “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimida ro‘yxatga olingan shaxslarga, shuningdek, I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslarga mazkur davlat xizmatini ko‘rsatishda belgilangan to‘lovning 50 foizi miqdorida chegirma qo‘llaniladi.
Qayd etilishicha, test sinovini o‘tkazish sanasi u o‘tkaziladigan kundan kamida yetti kun oldin YAIDXP orqali e’lon qilinadi. Talabgor test sinovi o‘tkaziladigan sana va joy to‘g‘risidagi ma’lumotga YAIDXP orqali ega bo‘ladi.
Agar ariza beruvchi turli sabablarga ko‘ra test sinovlarida ishtirok eta olmaydigan bo‘lsa, Agentlikka test sinovlari o‘tkaziladigan kundan kamida uch kun oldin YAIDXP orqali elektron shaklda murojaat etishi lozim. Uzrli sababga ko‘ra, (kasalligi yoki oila a’zolarining vafot etganligini tasdiqlovchi hujjatni taqdim etganda) test sinovlarida qatnasha olmagan talabgor test sinovi o‘tkazilgan sanadan besh ish kundan kechikmay, ushbu holatni tasdiqlovchi hujjatlarni YAIDXP orqali Agentlikka elektron shaklda taqdim etishi kerak.
Fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar va chet el fuqarolari Adliya vazirligi tomonidan vaqtincha ro‘yxatga olinadi hamda ular uchun JSHSHIR raqami shakllantiriladi. Bunda 16 yoshga to‘lmagan shaxslar ID-karta yoki xorijga chiqish pasporti orqali ro‘yxatga olinadi.
Baholash mezonlariga ko‘ra, umumta’lim fanlarini bilish darajasini aniqlash bo‘yicha A+, A, B+, B, C+, C, darajali sertifikatlar beriladi.
Test natijalari xalqaro metodika —RASH modeli asosida hisoblanadi. Unga ko‘ra, 70 balldan yuqori ball olgan talabgorga A+ daraja, 65 — 69,9 ball olgan talabgorga A daraja, 60 — 64,9 ball olgan talabgorga B+ daraja, 55 — 59,9 ball olgan talabgorga B daraja, 50 — 54,9 ball olgan talabgorga C+ daraja hamda 46 — 49,9 ball olgan talabgorga C darajali sertifikat beriladi.
Sertifikat 3 yil muddatga beriladi. Bunda: A+, A darajali sertifikat olgan abituriyentlarga oliy ta’lim muassasasi bakalavriatiga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha test sinovlarida ushbu fandan belgilangan maksimal ball beriladi.
B+, B, C+, C, darajali sertifikat olgan abituriyentlarga mos ravishda sertifikatdagi umumiy ballga nisbatan foiz asosida oliy ta’lim muassasasi bakalavriatiga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha test sinovlarida ushbu fandan belgilangan maksimal ballga nisbatan tabaqalashtirilgan (proporsional) ball taqdim etiladi.
Milliy sertifikatga ega bo‘lgan abituriyentlar tegishli majburiy fanlar bo‘yicha belgilangan eng yuqori ballga ega bo‘lishadi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA