“O‘zbekiston – 2030”: “Mamlakat platformasi”ning qonun ustuvorligi va davlat boshqaruvi yo‘nalishi muhokamasi

344

Adliya vazirligida “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida belgilangan, tegishli sohalardagi maqsadlarga erishishda ko‘maklashadigan “Mamlakat platformasi”ning qonun ustuvorligi va davlat boshqaruvi yo‘nalishi bo‘yicha ishchi guruhning yig‘ilishi o‘tkazildi.

O‘zbekiston bo‘yicha “Mamlakat platformasi” donorlar va rivojlanish bo‘yicha hamkorlar faoliyatini muvofiqlashtirish hamda ularning qo‘shma loyihalarini amalga oshirishda ishtirok etuvchi vazirliklar va idoralar bilan o‘zaro hamkorligini ta’minlashga qaratilgan mexanizm hisoblanadi.

“Mamlakat platformasi” doirasida “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida belgilangan “Qonun ustuvorligini ta’minlash, xalq xizmatidagi davlat boshqaruvini tashkil etish” yo‘nalishiga muvofiq tegishli vazifalarni muvaffaqiyatli amalga oshirish, shuningdek, qonun ustuvorligi va davlat boshqaruvi yo‘nalishi bo‘yicha benefitsiar bo‘lmish davlat idoralari uchun ustuvor bo‘lgan sohalarda yanada samarali hamkorlikni kuchaytirishga kelishib olindi.

“Mamlakat platformasi” doirasida donor va rivojlanish bo‘yicha hamkorlar ishtirokida kelgusida amalga oshiriladigan tadbirlar belgilandi. Ustuvor yo‘nalishlar xorijiy tomonga yetkazildi, shuningdek, ishchi guruhning 2024 yildagi ish rejasiga kiritiladigan tadbirlar muhokama qilindi.

Xalqaro tashkilotlar va donorlar “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida belgilangan maqsadlarga erishish bo‘yicha xalq xizmatidagi davlat boshqaruvini tashkil etish va jamoatchilik boshqaruvini takomillashtirish hamda hamkorlikda amalga oshirilayotgan loyihalar doirasini kengaytirishga tayyor ekanliklarini ma’lum qildi.

Ma’lumot uchun, “Mamlakat platformasi” mexanizmi 2019 yil oktyabr oyida Vashingtonda bo‘lib o‘tgan Jahon banki guruhi va Xalqaro valyuta jamg‘armasi boshqaruv kengashining yillik yig‘ilishlari doirasida joriy etilgan.

O‘zbekiston 2020 yildan boshlab mazkur mexanizmni sinovdan o‘tkazishda ishtirok etuvchi 13 ta pilot davlat qatoriga kirdi.

Platformaning maqsadi mamlakatlar hukumatlarining xalqaro moliya institutlari, xalqaro tashkilotlar, moliyaviy va texnik yordam ko‘rsatuvchi ikki tomonlama rivojlanish bo‘yicha hamkorlari bilan ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishga hissa qo‘shadigan davlat dasturlari va loyihalarni ishlab chiqish va amalga oshirishda o‘zaro hamkorlikni muvofiqlashtirishdan iborat.

“Mamlakat platformasi” O‘zbekistonga keng ko‘lamli ijtimoiy-iqtisodiy masalalarni hal etish uchun tashqi yordamni tezkor safarbar etish va ulardan foydalanishni ta’minlash; taraqqiyot bo‘yicha xalqaro hamkorlarning moliyaviy ko‘magi va tajribasini jalb qilgan holda muhim ijtimoiy-iqtisodiy va huquqiy loyihalarni ishlab chiqish, tayyorlash va amalga oshirishda izchil va tizimli yondashuvdan foydalanish; iqtisodiyotning strategik tarmoqlarini barqaror rivojlantirish uchun zarur bo‘lgan moliyalashtirishni jalb etish imkoniyatlarini beradi.

N.Abduraimova, O‘zA