Endi bolalar sog‘lomlashtirish oromgohlari yil davomida ishlaydi(mi?)
Shu maqsadda kasaba uyushmalari tizimidagi bolalar sog‘lomlashtirish oromgohlarini bolalarning dam olish mavsumidan tashqari vaqtda dam olish maskanlari sifatida foydalanishini tashkil etish va bundan olinadigan daromadlari bo‘yicha ma’lum bir muddatga foyda solig‘idan ozod etilishi belgilanmoqda. Bundan tashqari, oromgohlarni majburiy ravishda sertifikatlashtirilishi talab etilmasligi belgilanmoqda.
Ushbu tartiblarni o‘zida aks ettirgan “Bolalar sog‘lomlashtirish oromgohlarining faoliyatini yanada qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimcha kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasining majlisida ikkinchi o‘qishda moddama-modda muhokama qilindi.
Majlisda qo‘mita raisi Erkin Zohidov qonun loyihasini ikkinchi o‘qishga tayyorlash jarayonida deputatlar bergan taklif va tavsiyalar asosida undagi normalar maromiga yetkazilganini qayd etdi. Qonun loyihasining qabul qilinishi kasaba uyushmalari tizimidagi bolalar sog‘lomlashtirish oromgohlaridan yil davomida samarali foydalanish va ularning moliyaviy barqarorligini ta’minlash orqali ularda bolalarga yaratiladigan shart-sharoitlarni yaxshilash, bolalarni sog‘lomlashtirish bo‘yicha ishlar samaradorligini oshirish hamda yo‘llanmalar narxlarini barqarorlashtirishga xizmat qilishini ta’kidladi.
Muhokamalar davomida xalq vakillari bir qator savollarni o‘rtaga tashladi va mas’ullar hamda qonun tashabbuskorlari tomonidan javob qaytarildi. Qizg‘in bahs-munozaralardan so‘ng, qonun loyihasi deputatlar tomonidan qabul qilindi.
Muhtarama Komilova, O‘zA