Spiker: Qonunlarimiz yashirin iqtisodiyotga yo‘l bermaydigan bo‘lishi lozim

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tmoqda. Unda mamlakatimiz ijtimoiy-iqtisodiy hayotiga daxldor muhim masalalar, bir qator qonun loyihalari kun tartibiga qo‘yilgan.
Majlisni kirish so‘zi bilan ochgan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri N.Ismoilov Prezident raisligida o‘tkazilgan joriy yilda iqtisodiyotni rivojlantirish bo‘yicha hukumat oldidagi ustuvor vazifalar yuzasidan videoselektor yig‘ilishi haqida to‘xtalib o‘tdi:
— Kuni kecha bo‘lgan yig‘ilishda mamlakatimiz iqtisodiy taraqqiyotiga bag‘ishlangan ishlar chuqur tahlil qilindi. Tanqidiy ruhda o‘tgan yig‘ilishda muhim masalalar ko‘tarildi. Yashirin iqtisodiyotga alohida e’tibor qaratildi. Davlatimiz rahbari yashirin iqtisodiyot adolatli raqobat va halol tadbirkorlik faoliyatiga to‘siq bo‘layotganini aytib o‘tdi. Bu borada hozirda yashirin iqtisodiyot va iqtisodiy jinoyatchilikka qarshi kurashish bilan 14 ta organ tarqoq holda shug‘ullanayotgani, ularning faoliyatini muvofiqlashtiradigan yaxlit ish tizimi yo‘qligi aytildi. Shu maqsadda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti faoliyati kuchaytiriladigan bo‘ldi. Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentiga eng zamonaviy axborot tizimlari, maxsus vositalar olib berilishi, iqtisodiy sohalar va chet tillarni mukammal biladigan, fidoyi va vatanparvar mutaxassislar tanlab olinishi ta’kidlandi.
Palatamizning Kengash yig‘ilishida bu borada oldimizda turgan vazifalarni muhokama qilib oldik. Qonunlarimiz yashirin iqtisodiyotga yo‘l bermaydigan, uning oldini oladigan, profilaktik choralar ko‘radigan bo‘lishi kerak. Har bir qo‘mita o‘z yo‘nalishidan kelib chiqib, mutasaddi vazirlik va idoralar bilan birgalikda mazkur sohadagi huquqni qo‘llash amaliyotini nazorat-tahlil tartibida o‘rganishlari, huquqiy bo‘shliqlarni bartaraf etish choralarini ko‘rishi lozim. Shuningdek, deputatlarimiz joylardagi uchrashuvlarda iqtisodiy sohadagi islohotlar natijadorligini o‘rganib borishlari, jamoatchilik va deputatlik nazoratini amalga oshirishlari lozim bo‘ladi, — dedi Spiker.
Muhtarama Komilova, O‘zA