Ikki kundan so‘ng, ya’ni 19 yanvar kuni Janubiy Koreyaning Kanvondo shahrida IV qishki o‘smirlar Olimpiya o‘yinlari boshlanadi.
Mazkur nufuzli sport o‘yinlarida ishtirok etadigan 70 dan ziyod davlat sport delegatsiyalari qatori O‘zbekiston vakillari ham kuni kecha Olimpiya shaharchasiga tutash “Jeongseon High 1” hududidagi o‘zlari uchun biriktirilgan manzilga joylashdi.
IV qishki o‘smirlar Olimpiya o‘yinlarining tog‘ chang‘isi bahslarida Vatanimiz sharafini Sabina Rejepova va Rauan Raimqulov murabbiyi Safar Egamberdiyev boshchiligida himoya qiladi.
O‘yinlar nizomiga ko‘ra, IV qishki o‘smirlar Olimpiadasining tantanali ochilish marosimi 19 yanvar kuni tashkil etiladi.
Qishki Olimpiya o‘yinlari dasturiga ko‘ra, sportchilarimiz 21 yanvar kuni supergigant dasturi bilan Olimpiadadagi ishtirokini boshlaydi. Shundan so‘ng, 22 yanvarda vakillarimiz supergigant va slalomdan iborat kombinatsiya musobaqalarida qatnashsa, Sabina Rejepova (gigant slalom) 23 yanvar, Rauan Raimqulov (gigant slalom) 24 yanvar kuni qit’a o‘yinlari bahslarida ishtirok etadi.
Eslatib o‘tamiz, IV qishki o‘smirlar Olimpiya o‘yinlari 2 fevralgacha davom etadi. Musobaqalarda sportchilar 15 ta sport turining 81 ta medallar jamlanmasi uchun kurash olib boradi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA