Ertaga Osiyo kubogining 2-turida o‘tkaziladigan O‘zbekiston terma jamoasi bilan Hindiston jamoasi o‘rtasidagi bahsni xitoylik Fu Ming boshchiligidagi hakamlar guruhi boshqarib boradi.
Fu Ming bosh hakamlik qiladigan O‘zbekiston – Hindiston uchrashuvida unga hamyurtlari Jou Fey hamda Jang Cheng qanotlarda yordam ko‘rsatadi. Mazkur o‘yinda zaxira hakami vazifasini iordaniyalik Ahmad Muhammad bajaradi. O‘yinning halol o‘tishi borasidagi WAR tizimida Birlashgan Arab Amirliklari vakili Ahmad Muhammad, AWARda esa yaponiyalik Araki Yusuke faoliyat yuritadi.
Aytish lozim, O‘zbekiston-Hindiston bahsini boshqarib boradigan xitoylik Fu Ming Osiyo chempionlar ligasi guruh bosqichining 3-turidagi “Sharja”(BAA) – Nasaf “dueli”da bosh hakamlik qilgan.
Eslatib o‘tamiz, futbol bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi Qatarda o‘tayotgan qit’a kubogida “B” guruhida ishtirok etmoqda. Terma jamoamiz 1-tur o‘yinida Suriya terma jamoasi bilan durang (0:0) natija qayd etgandi.
T. Ro‘ziyev, O‘zA.